Xitoyda davom etayotgan Osiyo o‘yinlari o‘z ohangrabosi bilan dunyo sporti andoza bo‘lmoqda. Xanchjou-2022 tantanalari, sportchilar tomonidan qayd etilayotgan natijalar, uning tegrasida o‘tkazilayotgan turli madaniy tadbirlar ipga tuzilgan marjondek muhtashamlik kasb etmoqda.
“Kichik olimpiada”ga shaxmatning yana qaytishi, intellektual bahslar gultoji kibersportning o‘yinlar tizimidan joy olishi va boshqa jihatlar Osiyoni tom ma’noda jahon sportining markaziga aylantirmoqda.
Bu haqda o‘yinlarda bevosita ishtirok etgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari, jurnalistlar, mutaxassislar bot-bot takrorlamoqda. Xususan, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti kichik Xuan Antonio Samaranch “Xanchjou-2022 olimpiya harakatida yangi davrni boshlab berayotgani bilan mahobatini ko‘rsatdi. Endi Olimpiya o‘yinlari tizimidagi har qanday kompleks musobaqa Xitoy tajribasini inobatga olishi lozim bo‘ladi. Yana bir e’tiborga molik jihat — ushbu o‘yinlar qamrovi, sport turlarining rang-barangligi bilan jozibasini namoyish etdi. Olimpiya oilasiga kirishi mumkin bo‘lgan qiziqarli sport yo‘nalishlariga tashrif qog‘ozini ham tortiq etdi,” deya ta’kidladi.
Haqiqatan, o‘yinlar tizimidan o‘rin olgan 12 ta noolimpiya sport turlarining ko‘pchiligi garchi avvaldan qit’a o‘yinlaridan joy olgan bo‘lsa-da, bu galgi Osiyo bahslarida yanada yorqinroq ko‘rinish oldi. Ular safida milliy sportimiz kurashning borligi, o‘zbekona iboralarning Xitoy maydonlari uzra jahonga keng yoyilishi, Osiyo yoshlarini g‘oliblik yo‘lida birlashtirishi O‘zbekiston uchun, xalqimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori uchun yanada katta ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kurash orqali “to‘xta”, “yonbosh”, “chala”, “tanbeh”, “gilam”, “halol”, “ta’zim” kabi sof o‘zbekona so‘zlar endi dunyo maydonlarida baralla yangrayveradi.
Bevosita Osiyo o‘yinlarining kecha, ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Xitoy vakillari hamon peshqadamlik qilmoqda. Ular bugungacha medallari sonini 167 taga yetkazishga mavaffaq bo‘ldi. 90 ta oltin, 51 ta kumush va 26 ta bronza Chin yurtini 19-Osiyo o‘yinlarining yakka yetakchisiga aylantirdi. Ulardan keyingi o‘rinda borayotgan Janubiy Koreya vakillari 24-23-39 ta medalga egalik qilib turgan bo‘lsa, yaponlar 18-30-30 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan holda kuchli uchlikka yakun yasagan.
Ushbu uchta davlatdan ortda qolayotgan qolgan barcha jamoalar 30 tadan 20 tagacha bo‘lgan medallar shodasini qo‘lga kiritgan. 4-o‘rindan mustahkam o‘rin olishga harakat qilayotgan hamyurtlarimiz 6-10-15, jami 31 ta, hindistonliklar 6-8-11, tailandliklar 6-3-9, gonkongliklar 5-12-15, Xitoy taypeyiliklar 4-4-6 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, kuchli beshlik dovoniga chiqish uchun kurashayotgan Eron, Shimoliy Koreya, Qozog‘iston, Indoneziya jamolari hozirgacha 3 tadan oltin medallarni o‘z “sandiqcha”lariga joylashga musharraf bo‘lgan.
Xanchjou-2022 medallari uchun qizg‘in bellashuvlarning hali o‘n kuni oldinda kutib turganligini nazarda tutsak, umumjamoalarning joylashuv “ob-havo”si o‘zgarishi ehtimoldan yiroq emasligi oydinlashadi.
Sportda g‘alaba va mag‘lubiyat hamisha yonma-yon yuradi. Oldinda Osiyo o‘yinlarining kurash, og‘ir atletika, boks, erkin, yunon-rum va ayollar kurashi, futbol, velosport kabi yana o‘nlab turlarida hali oltinu kumushlar, bronza medallari o‘z sohiblarini kutib turganligini inbatga olsak, nafaqat sportchilarimiz, balki boshqalar uchun ham musobaqalarning oddiy saralashi ham final darajasida kechishi tayin. Bunday mashaqqatli damlarda hamyurtlarimizning kuchliligiga ishonamizu, ammo, omadli bo‘lishgayam ko‘p narsa bog‘liqligini yoddan chiqarmaymiz. Umidimiz, omad tulpori olov qalb sportchilarimizga hamisha hamrohlik qilsin.
Bugun 29 sentyabr kuni esa Osiyo qit’asi sportchilari Xanchoju o‘yinlarining bir qator sport turlarida, jumladan, triatlonda terma jamoamiz a’zosi Aleksandr Kurishov va Arslon Tursunov final bahsida, qilichboz qizlarimiz sablya yo‘nalishining chorak finalida Singapur jamoasi bilan, “mushketyor” yigitlarimiz shpaga musobaqasining nimchorak bahsida Qirg‘iziston bilan kuch sinashadi. 50 metrga brass usulida suzish musobaqalarining saralashida Behruz Ahtamov, 400 metrga erkin suzishda Yegor Petryakov o‘z omadini sinab ko‘radi. Bokschilarimizdan To‘rabek Habibullayev, Lazizbek Mullajonov, Sabina Boboqulova, Sitora Turdibekova navbatdagi janglarini o‘tkazadi.
Bundan tashqari, velosport, sport gimnastikasi, yengil atletika, kibersport, gandbol, baksetbol musobaqalarida vatanimiz sportchilari Osiyo o‘yinlaridagi musobaqalarda qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun 29 sentyabr kuni Osiyo o‘yinlari dasturidagi 11 ta sport turinig bir qator yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA