Chimboylik Odilboy Tojimuratovni ko‘pchilik mohir zargar sifatida yaxshi taniydi. Uning qo‘lida sayqal topgan zargarlik buyumlari nafis va ko‘rkamligi bilan ajralib turadi.
Odilboy ijodkorlar oilasida tug‘ilgan, otasi Dariboy Tojimuratov taniqli rassom va haykaltarosh. Oiladagi muhit sabab Odilboy bolaligidan ijodga qiziqdi. Maktabni tamomlagach, poytaxtdagi Benkov nomidagi Respublika rassomlik kasb-hunar kollejining “Zargarlik” bo‘limida tahsil oldi.
2005 yildan “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargar faoliyati davomida qoraqalpoq xalqining yo‘qolib ketish darajasiga kelgan 20 dan ortiq zargarlik buyumlarini qayta tiklashga erishdi. O‘z zargarlik mahsulotlari bilan mamlakat hamda xalqaro miqyosdagi qator ko‘rgazma va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, hunarmand “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirib, yosh avlodga zargarlik sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatayotir.
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA