Xitoyning Xanchjou shahrida XIX Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sport ishqibozlarining Osiyo o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishi yildan-yilga ortib borayotir. Ushbu sport bellashuvlari mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlab, qit’amizda sport nechog‘li rivojlanib borayotganini ifoda etadi.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida o‘tkazib kelinayotgan ushbu Osiyo o‘yinlari tarixida eng ko‘p ishtirokchini, jamladi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, bu galgi o‘yinlarda qit’aning 45 davlatidan 12 ming 417 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 38 sport turi bo‘yicha 370 nafardan ziyod sportchi bilan ishtirok etib, 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlaridagi qit’a o‘yinlari medallari uchun kurash olib boradi.
Xanchjou shahridagi markaziy stadionda ochilish marosimi tantanalari boshlandi.
Xanchjoudagi Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimi «oddiylik, xavfsizlik va qiziqarlilik» talablariga javob berdi va boy tarixiy, madaniy merosni o‘z ichiga oldi.
Ochilish marosimining umumiy mavzusi rejissyorlar tomonidan «Osiyo to‘lqini» deb belgilandi. Bunga sabab — Xitoy yangi davrda Osiyo va dunyo bilan integratsiyalashib, to‘lqin kabi olg‘a intilmoqda.
Marosimning eng hayajonli va qiziqarli qismi – bu musobaqalarda ishtirok etadigan mamlakatlar sport delegatsiyalarining paradi bo‘ldi.
…Markaziy stadionga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini baland tutgan mashhur sportchilarimiz – dzyudo bo‘yicha jahon chempioni Muzaffarbek To‘raboyev hamda qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati sovrindori Zaynab Dayibekova kirib keldi. Bayrog‘imiz ortidan odimlayotgan sportchi qizlarimiz, alpqomat yigitlarimiz orasida nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz dovrug‘ini yoyayotgan Olimpiya va jahon chempionlari, qit’ada tengsiz bo‘lgan sportchilarimiz stadionga kirib keldi. Ularning qaddini baland tutishi va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi yangi marralarni zabt etishga ahd qilganidan dalolat beradi.
…Stadionda qit’amizning 45 mamlakati sportchilari saf tortdi.
Osiyo o‘yinlari madhiyasi yangrab, XIX yozgi Osiyo o‘yinlari bayrog‘i ko‘tarildi. Sportchilar va hakamlar qasamyod qabul qildi. O‘yinlarning muvaffaqiyatli o‘tishi, xalqlar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik va farovonlik ramzi sifatida mash’alani yoqish ochilish marosimining eng hayajonli damlari bo‘ldi.
Ha, ushbu qit’a o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari ulkan marralarni zabt etib, yurt bayrog‘ini yanada yuksaklarga ko‘taradi, deya ularga omad tilaymiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA