XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Xitoyga jo‘nab ketdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tadigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sport sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston sport delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2022 yil 5 maydagi “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan terma jamoalar, alohida sportchilar qit’a o‘yinlarida munosib natijalarga erishishlari uchun barcha shart-sharoitlar to‘la-to‘kis yaratib berildi. Shu asosda sportchilarimiz belgilangan dastur va rejalar asosida shug‘ullanishdi. Musobaqalar, saralash turnirlari, chempionatlarda ishtirok etib, Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishdi.
Sportchilarni qit’a o‘yinlariga kuzatish marosimida ishtirok etgan hukumat va keng jamoatchilik vakillari delegatsiyamiz a’zolariga O‘zbekiston sharafini ulug‘lashdek muqaddas vazifani sidqidildan uddalashiga tilak bildirdi.
“Kichik olimpiada”ga tayyorgarlik ko‘rgan sportchilar, ularning murabbiylari, oila a’zolariga har tomonlama ko‘mak berish, mashg‘ulotlar uzluksizligini ta’minlash uchun barcha qulayliklarni yaratish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar tufayli o‘tgan davr mobaynida o‘tkazilgan jahon va qit’a chempionatlarida yuksak natijalarga erishildi.
“Xanchjou-2022” o‘yinlarining qilichbozlik musobaqalarida ishtirok etadigan sportchimiz Zaynab Dayibekova bu galgi bahslar o‘zbekistonlik sportchilar uchun “Parij-2024” Olimpiadasi oldidan muhim musobaqa ekanligini ta’kidlab, Yangi O‘zbekistonning yoshlari yangi g‘alabalar bilan qaytishga munosibligini va bu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatishini bildirib o‘tdi.
Osiyo o‘yinlari tarixida eng ko‘p ishtirokchini jamlaydigan bu galgi o‘yinlarda qit’aning 45 ta davlatidan 12 ming 417 nafar sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 38 ta sport turi bo‘yicha 370 nafardan ziyod sportchi bilan ishtirok etib, 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlaridagi qit’a o‘yinlari medallari uchun kurash olib boradi.
“Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarining O‘zbekiston uchun yana bir o‘ziga xos jihati, qit’a kurashchilari bayrog‘imizdan ulgu olgan liboslarda, shuningdek, chala, yonbosh, halol kabi sof o‘zbekcha so‘zlar jarangida bellashishadi.
Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar, ularning murabbiylari va boshqa mutaxassislar ma’lum miqdordagi pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi B.Maxsitov ishtirok etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA