Xabaringiz bor, Namanganning “Navbahor” jamoasi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida safarda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi to‘p suradi.
Mazkur o‘yin oldidan bugun Ar-Riyod shahrida joylashgan “Al-Hilol” klubi anjumanlar zalida uchrashuv komissari – livanlik doktor Bashr Abdul Xoliq, o‘yin nazoratchisi – Qirg‘iz Respublikasidan Viktor Kolpakov, shuningdek, har ikki jamoa vakillari, jumladan, “Navbahor” sport direktori Abdumalik Umrzoqov, klub administratori Abror Karimov, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda bo‘lajak musobaqaning tashkiliy masalalari haqida so‘z bordi. Ertangi o‘yinda jamoalarning qanday liboslarda maydonga tushishiga ham oydinlik kiritildi. Mezbon o‘yinchilari ko‘k rangda, “Navbahor” a’zolari esa oq rangli kiyimlarda maydonga tushadigan bo‘lishdi.
O‘yin 2023 yil 18 sentyabr, dushanba kuni Ar-Riyod shahridagi Shahzoda Faysal bin Fahd nomidagi stadionida Toshkent vaqti bilan esa soat 23:00 da boshlanadi.
Hozirga qadar “Mash’al”, “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “AGMK” kabi O‘zbekiston klublari “Al-Hilol” to‘sig‘idan o‘ta olmagan. “Navbahor” jamoasi ushbu noxush an’anaga chek qo‘yish uchun tayyorgarlikka zo‘r bermoqda.
Bo‘lajak uchrashuvda “Navbahor”ga omad yor bo‘lishini tilaymiz.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri.