Nukusda “Kurash – milliy g‘ururimiz” shiori ostida erkaklar va ayollar o‘rtasida respublika turniri, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori kubogi” ochiq mutlaq birinchiligi, “Kurash party” shou dasturi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari B.Naurizbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.Allanazarov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda sportni, shu jumladan, milliy kurashni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.

Bunday tadbirlar buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan kurash sportining boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, o‘zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Hududlardagi yoshlarni sportga jalb etish, ularni sog‘lom turmush tarziga moslashtirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada erkaklar 66, 73, 81, 90 hamda mutlaq vazn toifalarida kuch sinashgan bo‘lsa, ayollar 63, 70, +70 kg vazn toifalarida bellashdi.

Musobaqa yakunida ayollar o‘rtasida 63 kg  vazn toifasida Nukus shahridan Asal Djalg‘asbayeva, 70 kg vazn toifasida Azada Medetbayeva, +70 kg vazn toifasida Qundiz Baymanova, erkaklar o‘rtasida 66 kg vazn toifasida Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugidan To‘ra  Choriyev, 73 kg vazn toifasida Qo‘ng‘irot tumanidan O‘tkirbek Urazg‘aliyev, 81 kg vazn toifasida Amudaryo tumanidan Sanjarbek Sherimbetov, 90 kg vazn toifasida Qo‘ng‘irot tumanidan Ergash Aytbayev shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Mutlaq  vazn toifasida faxrli birinchi o‘rinni Nukus shahridan Yernazar Sarsenbayev, ikkinchi o‘rinni Nukus tumanidan  Zahiratdin Zaytov, uchinchi o‘rinni Amudaryo tumanidan Rufat Kudakov hamda Shumanay tumanidan Mirbek Abdikalikov qo‘lga kiritdi.

“Kurash party” shou dasturi doirasida musobaqa jarayonini hamda milliy kurashimizni  o‘z asarlarida aks ettirgan rassomlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. San’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi. G‘oliblariga diplom va medallar, qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari