Shu kunlarda Serbiya poytaxti Belgradda akademik eshkak eshish bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatida mamlakatimiz vakillari ham o‘z omadlarini sinab ko‘rmoqda.

Kecha, 6 sentyabr kuni chempionatning bir qator yo‘nalishlarida chorak final bahslari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev yengil vaznli sportchilarning juftlik bahsida ishtirok etgan bo‘lsa, terma jamoamizning rossiyalik legioneri Anna Prakaten yakkalik dasturida startga chiqdi.

Tokio Olimpiadasining kumush medal sovrindori Anna Prakaten yakkalik bahslarning chorak finalidagi shiddatli poygada marraga to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi.

Mazkur chempionatda shuningdek, mamlakatimizning 9 nafar matonatli para akademik eshkak eshuvchilari ham ishtirok etmoqda.

“Parij-2024” yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma taqdim etadigan mazkur dunyo birinchiligida 74 ta davlat sportchilari qatnashmoqda.

Bugun, 7 sentyabr kuni o‘tkaziladigan bahslarda chempionat dasturiga binoan para akademik eshkak eshuvchilarning PR1 erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslari tashkil etiladi. Unda terma jamoamiz a’zolaridan Xolmurod Egamberdiyev jahon chempionatining sovrinli o‘rinlari hamda “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun startga chiqadi.

Musobaqalar 10 sentyabrga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA