Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy G.G.Arzumanov xotirasiga bag‘ishlangan V xalqaro turnir o‘tkazilmoqda.
Ushbu musobaqa Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakatimiz yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etildi. Unda hamyurtlarimizdan tashqari Bahrayn, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan atletlar g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Xalqaro turnirning birinchi kunida nayza uloqtirish bahsida hamyurtlarimizdan Madina Nasreddinova, Mahliyo Tojaliyeva hamda Nargiza Qo‘chqorova shohsupaga ko‘tarildi. Ushbu yo‘nalishning erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida oltin medal tojikistonlik Zikrullo To‘raxonovga nasib etgan bo‘lsa, kumush va bronza medallarni Ulug‘bek Egamberdiyev hamda Humoyun Abbosxonov qo‘lga kiritdi.
Disk uloqtirish bo‘yicha xotin-qizlar bahsida tojikistonlik Mushtari Bobogulova birinchi pog‘onadan joy egalladi. Yulianna Shukina va Dinara Oripova esa terma jamoamiz hisobiga kumush hamda bronza medallarini keltirdi. Erkaklar o‘rtasida Abduazim Rahmatullayev, Rashid Sodiqov va Dunyozod Sayfulloyev raqiblariga imkon qoldirmadi.
Uzunlikka sakrashda hamyurtlarimiz Milana Postnova hamda Behruzbek Teshayev shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egallagan bo‘lsa, balandlikka sakrashda erkaklar o‘rtasida Amir Nagayev terma jamoamiz zaxirasiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Erkaklar o‘rtasida 1500 va ayollar orasida 400 metrga yugurish bahslarida Dilshod G‘ofurjonov va Veronika Loginova marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi.
Musobaqa davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri