Milliy qadriyatlarni ulug‘lash, ota-bobolarimizdan meros an’analarni asrab-avaylash orqali ularning barhayotligini ta’minlash borasida yurtimizda beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 maydagi “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi esa bu jabhadagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Xususan, joriy yilning 7-10 sentyabr kunlari Xiva shahridagi “Ichan Qal’a” majmuasida ilk marotaba xalqaro Etnosport festivalining tashkil etilayotganligi bebaho xazinamiz bo‘lgan milliy o‘yinlarning yashovchanligini ta’minlashda, umumjahon qadriyatiga aylantirishda muhim omil bo‘lishiga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Xo‘sh, yana bir necha kundan so‘ng boshlanadigan xalqaro Etnosport festivali qay tartibda o‘tkaziladi? Unda qaysi milliy o‘yinlarimiz namoyish etiladi? Qaysi sport yo‘nalishlarida musobaqalar, chempionatlar tashkil etiladi? Dunyoning qancha davlat vakillari ushbu qadriyatlar tantanasida ishtirok etadi?
Yoshlar siyosati va sport vazirligi yetakchi mutaxassisi Faxriddin Abdukarimovning bildirishicha, festivalda 63 ta davlatdan 1884 nafar, shundan 928 nafar xorijiy, 956 nafar mahalliy mehmonlarning ishtiroki kutilmoqda.
Tadbirlar davomida Butunjahon Etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda etnosport turlarini rivojlantirish va yanada ommalashtirish bo‘yicha forum, yurtimiz hududlaridan kelgan mohir oshpazlar ishtirokida palov tayyorlash musobaqasi, qovun sayli, xalqimizning milliy madaniyati va urf-odatlarini namoyon qiluvchi hunarmandchilik mahsulotlari hamda san’at asarlari ko‘rgazmasi tadbirlari uyushtiriladi.
Festivalning yana bir o‘ziga xos jihati, uning doirasida 3 ta sport yo‘nalishida jahon chempionatlari bo‘lib o‘tishi borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, o‘smirlar, yoshlar, kattalar va faxriylar o‘rtasida bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish bo‘yicha o‘tadigan jahon chempionati 27 ta davlat vakillarini jamlasa, o‘zbek jang san’ati bo‘yicha o‘tadigan dunyo birinchiligida 16 davlat sportchilari azaliy qadriyatlarimizdan jilolangan jang san’ati turlarida bahslashadi.
Kattalar va yoshlar o‘rtasida mas-restling yo‘nalishidagi jahon chempionatida 22 ta davlat vakillari kuch sinashsa, belbog‘li kurashda kechadigan xalqaro turnirda 9 ta mamlakat polvonlari bellashadi. Bundan tashqari, festival doirasida milliy qadriyaqtimizning gultoji bo‘lgan kurash, turon, Bel olish va uch kurash, Ot sporti turlari, kamondan otish yo‘nalishlardagi ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etiladiki, bu, ming yillik qadriyatlarimiz qadr topayotganligini, yuksalayotganligi, Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari sari tashlanayotgan muhim qadam, qutlug‘ manzillar sari yuzlangan yorug‘ va nurli chehrasi bo‘lib jahon hamjamiyatiga yuzlanayotganligidan dalolatdir.
Festivalda shu bilan birga 12 ta milliy xalq o‘yinlarida o‘tkaziladigan tadbirlar ko‘pga manzur bo‘lishi shubhasiz. O‘z qishlog‘i, mahallasi, guzari yoshlarining sevimli o‘yini bo‘lgan kim oladiya, yelkada kurash, chillak, mindi, xo‘rozlar jangi, qarmoqcha, oq terakmi – ko‘k terak, to‘ptosh, o‘rtaga turish, haykal, xamir patir, lanka bo‘yicha ko‘rgazmali o‘yinlar endi “devor osha” dunyo durdonasiga aylanishi, yuzlanishi, boshqa xalqlar, davlatlarning yoshlariga ham o‘z sehrini tortiq etsa ne tong.
T.Ro‘ziyev. O‘zA