Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 721 ta umumta’lim maktabida o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan birinchi qo‘ng‘iroq jarangladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev Nukus shahridagi 1-ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan sinfi mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev maktab jamoasi va o‘quvchilarni yurtimiz mustaqilligining 32 yilligi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi. “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mamlakatimizda, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham so‘ngi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktabi, ijod maktabi, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat olib borib, yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi.

Mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktabida jami 2200 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. O‘tgan yil umumta’lim maktabining 11-sinfini 84 nafar yigit-qiz tamomlagan bo‘lsa, ulardan 59 nafari, ya’ni 70 foizi oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘ldi. Tadbirda 1-sinfga qadam qo‘ygan 230 nafar o‘quvchiga “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va “Mustaqillik darsi”da ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, 2023-2024 o‘quv yilida maktablarning 1-sinfiga 36 ming nafardan ziyod bola qadam qo‘ygan. Ularga 12 turdagi o‘quv quroli, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA