Faxriylarni e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish xalqimizga xos bo‘lgan azaliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligida Vatanimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami — Mustaqillik kuni arafasida bir guruh sportimiz faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi.

Katta hayot tajribasi, bilimi va matonatli mehnati bilan mamlakatimiz sporti rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh sport faxriylariga mukofotlar topshirildi.

—Avvallari sport jamoalarimiz uchun xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etishning o‘zi kifoya degan qarash ustuvor edi. Keyingi 5-6 yil oralig‘ida vaziyat tubdan o‘zgardi. Yurtimiz sportchilari deyarli hech bir musobaqadan sovrinsiz kelmayapti. Bu an’ana tusiga kirdi. Olovqalb chempionlarimiz nufuzli musobaqalarda marrani balandroq olishdiki, endilikda dunyoning mana-man degan davlatlari sportchilari hamyurtlarimiz bilan maydonga chiqqanda raqibi O‘zbekiston sportchisi ekanligidan hadiksiraydi.

Boks, dzyudo, taekvondo, kurash va boshqa yakkakurash turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda erishayotgan natijalarimiz ortidan futbol bo‘yicha yoshlar terma jamoalarimiz ko‘rsatayotgan o‘yin uslubi, voleybol, gandbol jamoalarimizning qit’a maydonlaridagi harakatlari yangi g‘alabalarimiz bundan ham ko‘p bo‘lishini anglatmoqda. Bundan tashqari, ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish bo‘yicha yurtimizda o‘tkazilayotgan ichki musobaqalar saviyasi oshgani sport bilan shug‘ullanish, unga qiziqish O‘zbekistonda umumxalq harakatiga aylanib borayotganidan  dalolat, — deydi faxriy futbolchi Birodar Abduraimov.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, og‘ir atletika bo‘yicha ko‘plab chempionatlar g‘olibi Erkin Karimov, faxriy sport sharhlovchisi Azim Alimov, o‘nlab jahon chempionlariga ustozlik qilgan Omon Toymurodov, O‘zbekiston olimpiya harakati rivoji yo‘lida uzoq yillar xizmat qilgan Igor Baraban va boshqalar yangi g‘alabalar qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda yorqinroq aks etayotganini ta’kidladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA