Xorvatiyaning Zagreb shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati yakunlandi.
Unda 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan terma jamoamiz a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
64 mamlakatdan 576 nafar sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqada Tohir Fayziyev murabbiyligidagi o‘smir dzyudochilarimizdan Inoyat Telmanov, Azamat Ablakulov, Hakimjon Mahkamov, Laziza Haydarova, Nigina Saparboyeva va Mushtariybegim Afzalova shiddatli bellashuvlar olib bordi. Natijada ular o‘z vazn toifalari bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni egalladi.
– Mazkur musobaqa ko‘plab sportchilarimiz faoliyatidagi ilk jahon chempionati bo‘ldi, – deydi murabbiy T. Fayziyev. – 6 ta bronza medali yurtimiz dzyudosi uchun katta yutuq emasdek tuyulishi mumkin. Ammo, 60 dan ziyod davlatning 500 nafarga yaqin sportchisi sovrinsiz qolganini e’tiborga olsak, yoshlarimizning g‘alabalari munosib natija ekani anglashiladi.
Bu medallar mamlakatimiz Mutaqilligining 32 yillik to‘yiga terma jamoamizning munosib sovg‘asi bo‘ldi.
Jahon chempionatidan medallar shodasi bilan qaytgan iste’dodli sportchilarmiimizni kutib olish marosimida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillari, sportchilarning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA