Shu kunlarda Germaniyaning Dyusseldorf shahrida tezkor shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi birinchi FIDE jahon chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan yangi formatda o‘tkazilayotgan musobaqada 36 ta jamoaning 300 nafarga yaqin shaxmatchilari 12 ta turdan iborat bo‘lgan bashlarda ishtirok etmoqda.

Jahon chempionlari Vishvanatan Anand, Vladimir Kramnik, ayollar o‘rtasidagi sobiq jahon chempionlari Xou Ifan, Aleksandra Kostenyuk, Mariya Muzыchuk, nomdor shaxmatchilar Yan Nepomnyashiy, Fabiano Karuana, Boris Gelfand va Nayjel Short, shuningdek, FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich ishtirok etayotgan musobaqada hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham dona surmoqda.

Nodirbek Abdusattorov, Yan Nepomnyashiy, Uesli So, Yan-Kshishtof Duda, ayol shaxmatchilar Xou Ifan va Aleksandra Kostenyukdan iborat “WR Chess” jamoasi ortda qolgan turlar yakuniga ko‘ra, yuz foizlik imkoniyat bilan chempionat peshqadamiga aylanib turibdi.

O‘tkazilgan turlarda Nodirbek Abdusattorov “Six-pack” jamoasi a’zosi Muhammad Nubairshah, “Ashdod Elit Chess Club” shaxmatchisi Pavel Eljanov, “Team MGD1” klubi vakili Nihal Sarin, “Germany and Friends” vakili Fabiano Karuana va “Kompetenzakademie Allstars” jamoasidan Bluebaum Mattxiasdan kerakli ochkolarni olishga erishib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.

Bugun, 28 avgust kuni jahon chempionatining so‘nggi kunida “WR Chess” jamoasi turnir jadvalida 10-o‘rinda borayotgan “Chess Pensioners” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 250 ming yevrodan iborat mazkur jahon chempionatida g‘oliblikka erishgan jamoa 100 ming, 2-o‘rin sohibi 60 ming va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa 40 ming yevro miqdoridagi mukofotga sazovor bo‘ladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA