Ispaniyaning Valensiya shahrida o‘tayotgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatida terma jamoamiz a’zosi munosib natijaga erishdi.

Hamyurtimiz Taxmina Ikromova O‘zbekiston delegatsiyasi uchun “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarining ilk yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Yurtdoshimiz ko‘pkurash dasturida 4 mashq yakunidan so‘ng 124.200 ball bilan 9-o‘rinni egalladi. Ikromova bu bilan “Parij-2024” Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi 14 talikdan joy oldi.

Shuningdek, sportchimiz bulava va tasmadagi mashqda final bosqichiga yo‘l oldi.

Dunyoning eng kuchli badiiy gimnastikachilari ishtirok etayotgan jahon chempionati 27 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA