Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining uy-joyga bo‘lgan huquqi amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish, jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish orqali aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 iyuldagi  “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi.

Davlat kadastrlari palatasi raisi o‘rinbosari R.Nishanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi mas’ullari hamda tuman, shahar ishchi guruhlari tomonidan farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida To‘rtko‘l, Nukus, Xo‘jayli tumanlaridagi shtablarda bo‘ldi.

Soha mutaxassislariga farmon mazmun-mohiyati hamda ijrosi davomida yuzaga kelayotgan savollarga  batafsil tushuncha berildi.

Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlari hokimliklarida tegishli soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident farmoni va uning ijrosi bo‘yicha tumanlar shtab mas’ullari, idora va tashkilot mutaxassislari tomonidan uy-joylarga mulk huquqini e’tirof etishda tegishli xulosalarni o‘rnatilgan tartibda tuman va respublika shtabiga taqdim qilish holati muhokama qilindi. Shuningdek, yer uchastkasiga ijara huquqi va uy-joyga mulk huquqini e’tirof qilish, qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarni buzmaslik, fuqarolarning hayotiga xavf tug‘dirmaslik hamda boshqa masalalar yuzasidan kadastr xodimlari, shuningdek, mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA