O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifi doirasida turli sohalardagi hamkorlikka oid 20ga yaqin muhim hujjatlar imzolandi.

Jumladan, “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” (OʻZAKK) va Ozarbayjon akkreditatsiya markazi (AZAK) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnoma Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov va O‘zbekiston  Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov tomonidan imzolandi.

Ushbu hujjatga ko‘ra har ikki tomon o‘z vakolatlari va milliy qonunchilikka asoslangan holda akkreditatsiya sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlaydi va uni targ‘ib qiladi. Shu bilan birga, texnik hamkorlik, aloqa va o‘zaro axborot almashinuvining samarali mexanizmini yaratish maqsadida dolzarb loyihalarni ishlab chiqadi.

Hujjatda shuningdek, OʻZAKK va AZAK o‘zaro tajriba almashishi, xalqaro konferensiya, simpoziumlarda ishtirok etishi, hamkorlikda seminarlar tashkil qilishi, ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishi ham ko‘zda tutilgan.

Mazkur Bayonnomada muvofiqlikni baholash organlarini birgalikda baholash, audit jarayonlarini kuzatib borish, guvohlik baholashida ishtirok etish kabi bir qator masalalar ham o‘rin olgan.

O‘zA