Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish uchun ochiqlik kengroq ta’minlanishini bugungi kun taqozo qilmoqda.

Ayniqsa, tizimdagi hududiy organlar, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini oshirish, shuningdek, mazkur organlar va muassasalar faoliyatining ochiqligini ta’minlash zarur.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida shu haqda gap bordi.

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan yarim yillik yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Hisobotda sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari qamrab olinishi kerak.

Bu bilan viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotini eshitish yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari kengashi tomonidan baho beriladi.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga esa fuqarolar yig‘inlari tomonidan aholi biriktirilgan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlari rahbarlarining axborotini eshitishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Bunda sog‘liqni saqlashning holati hamda fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi axborotdan o‘rin oladi.

Qonun sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga, shuningdek, tibbiy xizmat ko‘rsatishning holati to‘g‘risida aholining xabardorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA