O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab Madaniyat vazirligi tomonidan “Eng yaxshi qo‘shiqlar tanlovi” o‘tkazildi.

Tanlovda “Eng yaxshi qo‘shiq” va “Eng yaxshi musiqiy asar” yo‘nalishi bo‘yicha 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlar bir bosqichda ishtirok etdi.

Mazkur ijodiy tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularida tarbiyalashga hissa qo‘shadigan musiqiy asarlar yaratishdan iboratdir.

Tanlovning asosiy sharti taqdim etilgan musiqiy asar yangi bo‘lishi va hozirgacha hech qayerda ijro etilmagan bo‘lishi kerak edi. Shu bilan birga, musiqiy asar mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini o‘zida ifoda etgan bo‘lishi kerak. Mazkur tanlovda 50 nafar ishtirokchi qatnashdi.

“Eng yaxshi qo‘shiq” yo‘nalishida 1-o‘ringa jizzaxlik Jasurbek G‘aybullayev, 2-o‘ringa qoraqalpog‘istonlik Baltabay Bazarbayev, 3-o‘ringa toshkentlik Bobur O‘rozaliyev munosib topildi.

“Eng yaxshi musiqa asari” yo‘nalishida 1-o‘ringa Akmal Safarov, 2-o‘ringa Viktor Xandamyan, 3-o‘ringa Sherzod Sobirov loyiq topildi.

G‘oliblar Madaniyat vazirligi tomonidan taqdirlandi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA