Bugun Qozog‘iston poytaxtida taekvondo ITF bo‘yicha XXII jahon chempionati musobaqalari boshlandi. 100 dan ziyod davlat vakillari qatnashayotgan musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasining 18 ta sportchisi chempionlik uchun kurash olib bormoqda.
Kecha chempionat oldidan Xalqaro taekvondo federatsiyasi(ITF)ning navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Ijroiya qo‘mita a’zolari tomonidan 2024 yilgi jahon chempionatini o‘tkazishga da’vogar mamlakatlarning imkoniyatlari tahlil etildi.
Anjumanda ishtirok etgan kongress a’zolari huzurida jahon chempionatini o‘tkazishga da’vogarlik qilayotgan davlat vakillari o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Mamlakatimizdagi shart-sharoitlar, yurtimizning sport potensiali xususida O‘zbekiston taekvondo milliy assotsiatsiyasi rahbari Laziz Hasanov kongress qatnashchilariga ma’lumot berdi.
O‘z navbatida Xalqaro taekvondo assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari O‘zbekistonda sportga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, yangicha infratuzilmaning vujudga kelayotganini e’tirof etdi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, taekvondo bo‘yicha 2024 yil tashkil etiladigan jahon kubogi va IMGC yo‘nalishida yakkakurashlar bo‘yicha jahon chempionati musobaqalariga mezbonlik uchun kurashda O‘zbekiston 145 ta davlat orasida ustunlikka erishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA