Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab Qozog‘iston Respublikasining turistik korxonalari uchun infotur tashkil etildi.
Delegatsiya a’zolari Xo‘jayli tumanidagi “Mizdakxon” tarixiy majmuasi, Mo‘ynoq tumanidagi Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi, Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy ziyorat majmuasi kabi bir qator diqqatga sazovor joylarda, shuningdek, Nukus shahridagi Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi hamda “Yerqosay ota” maqbarasi bilan yaqindan tanishdi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan sohani rivojlantirish turistik salohiyatni keng targ‘ib etish, xorijiy turistlar oqimini jalb qilish bo‘yicha bir qator keng qamrovli, xalqaro miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. Shular qatorida Turizm va madaniy meros vaziri rahbarligida mahalliy turistik korxonalar vakillarining Germaniyada ITB Berlin xalqaro turizm yarmarkasida ishtiroki, Toshkent shahrida “Destination Forum” xalqaro turizm konferensiyasida hududning turistik salohiyatining taqdimoti, Italiyaning Uffitsi galereyasi va Igor Savitskiy davlat muzeyi o‘rtasida memorandum tuzilishini aytib o‘tish lozim. Shuningdek, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi bilan loyihalarning amalga oshirilishi hamda OAV uchun tashkillashtirilgan press-turlarni alohida ta’kidlash kerak. Bugungi kunda yurtimizga Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa ko‘plab davlatlardan turistlar tashrif buyurmoqda. Respublikaning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda, transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston va Qozog‘istonning turizm sohasidagi tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, turistik marshrutlarni ishlab chiqish, turistlar oqimini ko‘paytirish yuzasidan fikr almashildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA