O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Sherzod Shodmonqulov hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Sardorbek Otamurotov ishtirokida yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va uning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ovozli chat bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 3 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Ushbu qonun joriy yilning oktyabr oyida kuchga kirishi belgilangan.

— Yangi qonunda qanday yangiliklar nazarda tutildi? 

— “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun ilgari mavjud bo‘lmagan bir qator normalarni  aks ettirgani bilan o‘ziga xos hujjatdir.

Birinchidan, u amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlarning birlashtirilishi natijasida yaratilgan bo‘lib, asosiy maqsadi raqobatga qarshi harakatlarning kamayishi, iqtisodiy faoliyat erkinligi va iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga qaratilgan.

Ikkinchidan, amaldagi qonunchilikda raqamli platformalar operatorlarining raqobatni cheklovchi va iste’molchilar manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga taqiqlar va davlatning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokiga talablar belgilanmagan. Yangi qonunda bir qator tushunchalar kiritilgan. Amaldagi qonunda raqobat sohasidagi asosiy prinsiplar ko‘rsatilmagan edi. Yangi tahrirdagi qonunda esa “insofli raqobat”, “qonuniylik”, “iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi”, “shaffoflik”, “tenglik” prinsiplari alohida belgilangan.

Ilgari qonunchilikda yoritilmagan iste’molchilar huquqlarini inobatga olgan holda raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va to‘xtatish, raqobat muhitini rivojlantirish, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish, tovar va moliya bozorlari ishtirokchilarining iqtisodiy faoliyati erkinligini hamda tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining javobgarligini oshirish kabi monopoliyaga qarshi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z aksini topgan.

Qonunchilikda mavjud bo‘lmagan yana bir jihat — Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oliy Majlis Senatiga hisobdorligi, o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi yangi qonunda alohida o‘rin olgan. Amaldagi qonunchilikdan farqli o‘laroq, hozir vakolatli davlat organi normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholashi nazarda tutilgan. Vakolatli davlat organi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari yuzasidan Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga o‘rnatilgan tartibda takliflar kiritadi.

Qonunda ustun muzokara kuchi instituti ifodalanmoqda. Bu haqdagi moddada ustun mavqega ega bo‘lmagan, biroq korxona tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deya e’tirof etilgan. Mazkur norma hozirda ayrim savdo tarmoqlarida muayyan “yuqori muzokara ustunligi” borligi, ta’minotchilar bilan shartnoma tuzishda, ularni kamsituvchi va foydali bo‘lmagan shartlarni kiritish holatlari mavjudligi tufayli qonunda aks ettirilgan, — deydi Sherzod Shodmonqulov.

— Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yaqinda birlashtirildi. Bu ikki tashkilotni birlashtirishdan ko‘zlangan eng asosiy maqsad nimada?  

— Ikkita qo‘mitani birlashtirishdan asosiy maqsad iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, raqobatni rivojlantirishdan iborat, — deydi Sardorbek Otamurotov. — Biz bu holat bo‘yicha jahon tajribasini kuzatib, amaliyotda shunday birlashtirish asosida faoliyat yuritish bor yoki yo‘qligini o‘rgandik. Ko‘pgina rivojlangan davlatlar masalan Singapur, AQSH hamda Fransiyada raqobat bilan iste’molchilar birlashtirilgan. Ya’ni, bir tashkilot ularni himoya qiladi, ikkinchi tashkilot siyosatini olib boradi. Bundan ko‘zlangan maqsad raqobatlashish natijasida  iste’molchilarga sifatli va arzon mahsulotlarni yetkazish.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning ham pirovard maqsadi bu iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish. Agar kuzatadigan bo‘lsak, yangi tahrirdagi qonunda ham asosiy masalalar  iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Ikki qo‘mita birlashishi natijasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga samarali yondashilyapti.

N.Rahmonova, A.Sodiqov (video) O‘zA