Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyani ilgari surgan holda aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, mutolaa madaniyatini yanada rivojlantirish maqsadida kitobxonlik tadbirlari, muallif va ijodkorlari bilan ijodiy uchrashuvlar mamlakatimizning barcha hududlarida keng miqyosda oʻtkazib kelinmoqda.
Maʼlumki, soʻnggi yillarda yurtimizda barcha jabhalarda xususan, fan, taʼlim, iqtisodiyot, maʼnaviyat, xalqaro hamkorliklar, madaniy va maʼnaviy aloqalar doirasidagi islohotlar jadal surʼatlar bilan davom etmoqda.
Buning natijasi xalqimizning, qolaversa, mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning ijtimoiy hayotida, maʼnaviy dunyoqarashida, hayotga boʻlgan munosabati, kelajakka boʻlgan ishonchida bevosita namoyon boʻlayapti.
Ushbu ezgu tashabbus asosida o‘zbek adabiyoti hamda turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar adabiyotining yuksak namunalaridan xalqimizni har tomonlama bahramand qilish, ulug‘ ota-bobolarimiz va turkiy tilda so‘plashuvchi xalqlarning buyuk allomalari, adiblarining boy adabiy merosi, bugungi zamonaviy adabiyotining sara namunalarini bir majmuada xalqimizga yetkazish, o‘zbek adabiyoti hamda turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar adabiyoti namunalari bilan yanada yaqindan tanishtirish maqsadida turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlarning milliy adabiyoti namunalaridan iborat 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi nashr etildi.
O‘tgan yili Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur muhtasham to‘plam haqida ham to‘xtalib, jumladan, shunday degandi: “Biz yaqinda tashkilotimizga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini o‘zbek tilida nashr qildik. Ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lar edik”.
Toshkent viloyati axborot-kutubxona markazida “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasini nashrga tayyorlagan ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul vakillari turkiy xalqlar o‘rtasida yagona tarix va umumiy qadriyatlar timsoliga aylangan adabiy aloqalar, 100 jildlik majmua nashr etilishining Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi adabiy diplomatiyani shakllantirishdagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, majmuani yaratish bilan bog‘liq jarayonlar, bu borada olib borilgan ilmiy va ijodiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamiga umumturkiy adabiyotning qadimgi davrlaridan to XXI asrning shu kunlariga qadar yaratilgan sara namunalar, ya’ni O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.
Ushbu adabiy xazina turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan yirik adabiy loyiha sifatida qadrlidir. Majmuada barcha turkiy tilli xalqlar adabiyoti vakillariga keng o‘rin berilgan. Xususan, “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlanuvchi dastlabki 5 jilddan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniyning “Hikmatlar”i hamda Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” kabi mumtoz asarlari o‘rin olgan.
28 jildni tashkil etgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” Alisher Navoiyning “Saylanma g‘azallari” bilan boshlanib, qoraqalpoq adabiyoti namunalarini ham o‘z ichiga oladi. Majmuada turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turkman ijodiyotiga ham keng o‘rin ajratilgan. Jumladan, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Nozim Hikmat, Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Fuzuliy, Samad Vurg‘un, Abay, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Chingiz Aytmatov, To‘lagan Qosimbekov, Maxtumquli, Mullanafas kabi mumtoz va zamonaviy adabiyotning 100 dan ortiq namoyandalari qalamiga mansub noyob meros jamlangan. Aron Yarosh va taniqli venger adiblarining mashhur asarlari yakunlovchi jild sifatida taqdim etilgan.
“Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami jami 1010 nafar muallifni qamrab olgan.
Umuman, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qisqa muddatda katta mehnat, ijodiy ish amalga oshirildi. Majmua uchun materiallar to‘plash maqsadida qardosh davlatlarga bir necha bor ijodiy safarlar uyushtirildi.
50 nafarga yaqin adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir, rassomlar majmuani nashrga tayyorlash va chop etish ishlariga keng jalb etildi.
G‘oyat sinchkovlik va katta mas’uliyat talab qiladigan bunday keng qamrovli ijodiy jarayonda shu kunga qadar amalga oshirilgan tarjimalar orasidan eng saralari, tarjima san’atining mumtoz namunalari sifatida e’tirof etilgan yetuk asarlar tanlab olindi.
Mazkur ijodiy loyihada G‘afur G‘ulom, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Nosir Fozilov, Pirimqul Qodirov singari ustoz adiblar bilan bir qatorda, badiiy tarjima sohasining bugungi avlodi – mahoratli namoyandalarining ijodiy ishlariga ham alohida o‘rin berilgan. Ushbu 100 jildlik to‘plamni tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimon qatnashdi.
Tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar tomonidan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik nashri xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA