Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “Korea International Tourism Show – KITS-2023” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekistonning turizm brendi keng namoyish qilindi.

Milliy stendimizdan mamlakat turizm salohiyati aks etgan fotosuratlar, hunarmandlik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, ipakchilik mahsulotlari va boshqa xalq amaliy ijodi turli namunalari o‘rin olgan.

Ko‘rgazmaga kelganlar yurtimizning diqqatga sazovor turizm yo‘nalishlari, YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarning qadimiy tarixi, madaniyati, hukumatimiz tomonidan zamonaviy sayyohlik infratizimini yaratish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdilar.

Ishtirokchilarga Samarqand shahrida barpo etilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi imkoniyati to‘g‘risida tarqatma material taqdim etildi.

Anjuman doirasida Janubiy Koreya sayyohlik operatorlari bilan uchrashuvlar, qo‘shma turlar tashkil qilish yuzasidan muzokara o‘tkazildi. Mezbonlar joriy yil 15-17 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi”da qatnashish sharti bilan tanishtirildi. O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan mamlakatimizdagi buddizm yodgorliklari hamda Rishton, Boysun, Chust, Yangiqo‘rg‘on shaharlari tarixi, madaniyati va urf-odati haqida koreys tilida tayyorlangan tarqatma material tashrif buyurganlarda iliq taassurot qoldirdi.

Ko‘rgazma mehmonlari stendimiz bilan tanishar ekan, yurtimiz turizm salohiyatini yuqori baholadi va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“KITS” Janubiy Koreyada o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro yarmarka hisoblanadi. Bu galgi tadbirda saksondan ziyod mamlakatning 800 dan ko‘proq sayyohlik firmasi va kompaniyasi vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘zA