Shu kunlarda Iordaniya poytaxti Ammanda erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati bellashuvlari davom etmoqda.
Dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan 670 nafardan ziyod yosh sportchilar ishtirok etayotgan musobaqaning uchinchi kungi bahslari yakuniga ko‘ra, erkin kurash vakillari o‘rtasida bir qator vaznlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlangan bo‘lsa, ayollar kurashida dastlabki bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
E’tiborli jihati, kecha 16 avgust kungi musobaqalar yakunida erkin kurashchimiz Nodirbek Jumanazarov 57 kilogramm vaznda jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Iste’dodli sportchimiz saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bronza medali uchun kechgan kurashda hindistonlik Sagarni 10:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
Erkin kurashchilarimizdan Azizbek Naimov, Kamronbek Qadamov, Zafarbek Otaxonov musobaqalarni 1/8 final bosqichida yakunladi.
Kecha shuningdek, ayollar kurashida dastlabki bahslar tashkil etildi. Quvonchli jihati, terma jamoamiz a’zolaridan Aysanam Qurbanbayeva, Dilshoda Matnazarova va Ulmeken Esenbayeva saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, chempionatning 1/8 final bosqichiga yetib keldi.
Bugun, 17 avgust kuni 53 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Dilshoda Matnazarova keyingi bosqichga chiqish uchun qozog‘istonlik Altin Shagayeva bilan ro‘baro‘ kelsa, 55 kilogrammda harakatlanayotgan Aysanam Qurbanbayeva AQSH vakili Emma Jons bilan, 57 kilogrammda kurash olib borayotgan Ulmeken Esenbayeva Qirg‘iziston va Vengriya vakillarining qarama qarshiligida g‘olib chiqqan kurashchi qiz bilan 1/8 finalda duch keladi.
Jahon chempionati bellashuvlari 20 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA