Sud zalidan reportaj
Sertifikatsiz “Dok-1 Maks” dori vositasini qabul qilgan 65 nafar yosh bola vafot etgan. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Toshkentda sud jarayoni davom etmoqda.
Toshkent shahar sudi binosida bo‘lib o‘tayotgan mazkur ochiq sud majlisi zali odamlar bilan gavjum. Chunki sud jarayonida vafot etgan 65 nafar bolaning ota-onalari, yaqinlari va ommaviy axborot xodimlari ham ishtirok etmoqda.
Jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, Toshkent shahar sudida ko‘rilayotgan mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25, 205, 205, 207, 28, 209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Asosiy ayblanuvchilardan biri – 1972 yilda Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori bo‘lib ishlagan shaxs S.R.P. hisoblanadi.
Bundan tashqari, 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasi direktori lavozimlarida ishlagan S.K., mazkur korxona mas’ul xodimlari – jami 21 kishi sudlanmoqda.
Bugun bo‘lib o‘tgan ikkinchi sud majlisida Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori bo‘lib ishlagan S.R.P. sud oldida javob berdi.
U sudya va prokurorning bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan dori vositasi bilan bog‘liq savollariga javob berdi.
Savollarga javob berish asnosida “Dok-1 Maks” dori vositasi sotilgan vaqtda uning muvofiqlik sertfikati bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi. Sudlanuvchi esa bundan xabarsiz bo‘lganini bildirdi.
Hindistonda chiqadigan mazkur dori vositasini O‘zbekistonga import qilib kelayotgan “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu faoliyatdan faqat foyda olishni ko‘zlagan ko‘rinadi. Chunki aholiga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ularning salomatligi, hayoti bilan bog‘liqligini ular unutib qo‘ygani sertifikat masalasida ko‘rinib turibdi.
Bu yerda farzandu dilbandlaridan birgina dori tufayli ayrilib qolgan ota-onalarning mungli ko‘zlariga qarash juda og‘ir. Shunga qaramay, ayrimlari bilan suhbatlashishga harakat qildik. Toshkent viloyatidan bo‘lgan erkak 8 yoshli qizidan, jizzaxlik ayol esa besh yoshli o‘g‘lidan ayrilgan ekan. Ular suddan adolatli hukm kutmoqda.
Norgul Abduraimova, Abror Sodiqov (video), O‘zA