Mamlakat iqtisodiyotining tayanch tizimlaridan bo‘lgan eksportni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini takomillashtirish, eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari asosida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.

“O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi”ning Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi tomonidan ham ushbu yo‘nalishda samarali ishlar qilinmoqda.

Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi boshlig‘i Elshod Xojiyev ana shular haqida so‘zlab berdi.

– Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirish bo‘yicha GSP+ dasturi doirasida Yevropa davlatlariga eksport qilinadigan elektrotexnika mahsulotlari turlari 20 taga va hajmi 40 million dollarga yetkaziladi. Yevropa davlatlariga eksport qilinadigan elektrotexnika mahsulotlari uchun Yevropa Ittifoqi davlatlarida belgilangan talablarni korxonalarga yetkazish choralari ko‘riladi. Milliy mahsulotlarning eksport geografiyasi kengaytiriladi. Xitoy, Eron, Turkiya, Pokiston, Afg‘oniston, Hindiston, Yaqin Sharq mamlakatlari standartlari 800 ta korxonaga yetkaziladi.

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasidagi korxonalarni xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlashni kengaytirish orqali GSP+ preferensiyalaridan foydalangan holda tayyor mahsulotlarning 20 dan ortiq Yevropa davlatlariga eksportini tashkil etish chorasi ko‘riladi.

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasidagi 50 dan ortiq korxonalar xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlanadi. Mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan charm-poyabzal mahsulotlari GSP+ preferensiyalaridan foydalangan holda 20 dan ortiq G‘arb davlatlariga yetkazib berilishida ko‘mak ko‘rsatish chorasi ko‘riladi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 1904 ta korxonaga sohaga oid konsultativ xizmatlar ko‘rsatiladi. Investitsiya doirasida ishga tushiriladigan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligiga, xalqaro standart talablariga javob berishi va eksport salohiyati oshishiga erishiladi.

Yaqin kelajakda rejalashtirilgan ishlar qatorida, 1426 ta mahalliy korxonalarni “tadbirkordan – eksportyorgacha” tamoyili asosida tashqi bozorlarga chiqishiga yo‘l ochiladi hamda ushbu korxonalarga vakolat doirasida konsultativ xizmat va amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Ishlab chiqarish korxonalari va fermer xo‘jaliklarida xalqaro standartlarni joriy etish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga standartlashtirish, sertifikatlashtirish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Eksportyor hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida 282 ta fermer xo‘jaligida “Global GAP” va “Organic” 11 ming gektar maydonda xalqaro standartlari joriy qilinib, barchasi sertifikatlashtirildi.

Yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik sanoati korxonalarida “OEKO-TEX” xalqaro standarti joriy qilinib, ularning soni 53 taga yetkazildi. Shu bilan birga, 33 ta korxonaga Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining bozoriga kirishda talab etiladigan “SE” markirovkasi olinib, mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Eksportyor va mahalliy korxonalarga sohaga oid amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida hududlardagi 294 ta tumanga 315 nafar xodim biriktirildi.

1400 ta eksportyor korxonaga xalqaro sifat menejment tizimlari standartlari joriy etildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA