Xabar berganimizdek, Hindistonning Dehli shahri mezbonligida o‘tayotgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari yuksak natijalarni qayd etmoqda.

Bugun, 2 avgust kuni 81 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda sportchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, medallarga sazovor bo‘ldi. Ular sharafiga qit’a chempionatida bayrog‘imiz ko‘tarilib, yurtimiz madhiyasi baralla yangradi.

O‘smirlar o‘rtasidagi bahsda ishtirok etgan Diyorbek Ermatov dast ko‘tarish mashqida 145 kg (139x 139 145), siltab ko‘tarishda 174 kg (167 174 177x) va ikkikurash natijasiga ko‘ra 319 kilo natija bilan Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Ushbu vazn toifasida yoshlar o‘rtasida bellashgan terma jamoamiz a’zosi Nursulton Esbergenov dast ko‘tarish mashqida o‘z urinishlaridan unumli foydalangan holda 154 kilogramm ko‘rsatkich bilan raqiblarini ortda qoldirib, oltin medal egasiga aylandi.

Siltab ko‘tarishda Nursulton iroda ko‘rsatib, 178 kilolik toshni bo‘ysindirdi va kumush medal sohibiga aylandi. Ikkikurash natijasiga ko‘ra, yurtdoshimiz 332 kilogramm natija qayd etgan holda Osiyo chempionatining oltin medal sohibiga aylandi.

Erishilgan g‘alabalar evaziga O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining umumiy medallari soni 24 taga yetgan bo‘lsa, shundan 7 tasi oltin, 9 tasi kumush va 8 tasi bronza medallaridir.

Chempionat 5 avgustgacha davom etadi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA