Futbol bo‘yicha mamlakatimiz Superligasining 14-turidan o‘rin olgan so‘nggi ikki uchrashuv “Qizilqum” – “Navbahor” va “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi.

“Qizilqum” o‘z maydonida “Navbahor”ga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvning 3-daqiqasida namanganlik “lochin”lar jamoasi a’zosi Jamshid Boltaboyev hisobni ochgan bo‘lsa, Islom Kenjaboyev 14-daqiqada hisobni tenglashtirdi – 1:1. Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida Jasurbek Yaxshiboyev mezbonlar darvozasini aniq nishonga olib, “Navbahor”ning 1:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Poytaxtimizda o‘tgan “Bunyodkor” hamda “So‘g‘diyona” klublari bahsi kutilmagan natija bilan yakunlandi. “So‘g‘diyona” safarda o‘yin o‘tkazishiga qaramasdan uchrashuvni hujumkor o‘tkazdi va 0:2 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu o‘yinda g‘alaba keltirgan gollarga Javohir Qahramonov va Zenan Zaymovich mualliflik qildi.

Shu tariqa O‘zbekiston Superligasi 14-turi yakunlandi. Qayd etilgan natijalardan so‘ng “Navbahor” 32 ochko to‘plab jadval karvonboshisiga aylangan bo‘lsa, “Paxtakor” 31 ochko bilan ikkinchi, “Neftchi” esa 28 ochko to‘plagan holda uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Shuningdek, to‘purarlar ro‘yxatida Dragan Cheran (Serbiya) 10 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Rubin Xebay 9 ta, Silvanus Nimeli va Zenan Zaymovich 7 tadan hamda Toma Tabatadze 6 ta gol bilan bormoqda.

Ma’lumot uchun, Superliganing 15-tur o‘yinlari 4-6 avgust kunlari o‘tkaziladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA muxbiri