Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida taekvondoning GTF yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati hamyurtimiz, iste’dodli sportchi Javlonbek To‘rayevning sport faoliyatida yuksalishning yangi nuqtasi bo‘lib qolsa, ajab emas.

Aynan ushbu musobaqada 14 yoshli Javlonbek 60 kilogramm vaznda barcha raqiblarini mag‘lub etib, jahon chempionligiga erishdi. Uning sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 172-maktabning 8-sinfini tamomlagan Javlonbek 3 sinfligidanoq avval taekvondoning ITF, keyinchalik GTF yo‘nalishlarida shug‘ullandi. Birinchi murabbiyi Baxtiyor Jumayevdan sharq yakkakurashining ushbu jozibali turi sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rgandi.

Izlagan imkon topadi, deganlaridek yosh Javlon dunyo bo‘ylab karantin cheklovlari joriy etilgan kezlarda ham mashg‘ulotlarni kanda qilmadi. Murabbiyi Doston Karimov bilan olib borgan tinimsiz izlanishlar, yakka tartibda, onlayn tarzdagi mashqlar qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi.

Avvaliga tuman va shahar miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatga erishishi uni yangi g‘alabalar sari ilhomlantirdi. Mashg‘ulot jarayonidagi nazorat-tekshiruv janglari, taekvondoning texnik-taktik usullarini o‘zlashtirishdagi harakatlar undagi iroda va matonat xislatlari shakllanishiga xizmat qildi. Bu uni yosh bo‘lishiga qaramasdan qora belbog‘ sohibi bo‘lishini ta’minladi. O‘z yoshi va vazni bo‘yicha O‘zbekiston hamda qit’a chempioni bo‘ldi.

Murabbiylari, ustozlari, yaqinlarining talabchanligi, o‘zidagi qat’iyat sportdagina emas, maktabda a’lo baholarga o‘qishidayam asqatmoqda. Javlonbek timsolida aytish lozimki, jismoniy tarbiya va sport yoshlarimizning barkamol bo‘lishi bilan birga bilim tafakkuri keng, intellektual salohiyati yuqori insonlar bo‘lib kamol topishida muhim rol o‘ynaydi. Javlonbek To‘rayevning Bishkekda kechgan jahon chempionatidagi g‘alabasi mamlakatimiz yoshlarining yangi g‘alabalari, yangi yutuqlari aynan sport va ta’limdagi uzviylikning uyg‘unligidan dalolat.

To‘lqin RO‘ZIEV,

O‘zA