Afrikaning aksariyat mamlakatlari 2022 yil YAIM barqaror o‘sishini namoyish qildi va yaqin yillarda bu jadallik, taxminan, 4 foiz atrofida saqlanadi.

Qit’aning besh mamlakati esa dunyoning 10 ta eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyoti ro‘yxatidan joy oladi, deyilgan “Roskongress” e’lon qilgan “Afrika iqtisodiyoti: yashirin salohiyat va aniq o‘sish” mavzusidagi hisobotda. “RIA Novosti” yozishicha, hisobotda “Afrikadagi 54 mamlakatning 53 tasi 2022 yil YAIM o‘sishini qayd etgan, o‘sish barqarorligi qit’aning barcha beshta mintaqasida saqlanib qoladi. O‘rtacha o‘sish 2023 va 2024 yillarda, taxminan, 4 foiz bo‘ladi”, – deya ta’kidlangan.

Qit’aning eng yirik iqtisodiyoti Nigeriya, JAR va Misrga tegishli. Shu bilan birga, o‘sish sur’ati nuqtai nazaridan, iqtisodiyoti ko‘lami unchalik yirik bo‘lmagan mamlakatlar tezroq rivojlanadi. Yaqin yillarda aynan shunday davlatlar mintaqani harakatlantiradigan asosiy kuchga aylanadi.

Masalan, Afrika taraqqiyot banki prognoziga ko‘ra, 2023-2024 yillarda qit’aning besh mamlakati – Ruanda, Kot-d’Ivuar, Benin, Efiopiya va Tanzaniya iqtisodiy yetakchilikni qo‘lga oladi. Iqtisodiy o‘sishni o‘rtacha 5,5 foizdan oshiradigan bu yurtlar dunyoning 10 ta eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyoti maqomini qaytarib oladi. Afrikaning yana bir necha mamlakati – Kongo Demokratik Respublikasi, Gambiya, Mozambik, Niger, Senegal va Togoda ham 2023-2024 yillar 5,5 foizlik o‘sish qayd etilishi bashorat qilinmoqda.

Shu kunlarda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Rossiya – Afrika” iqtisodiy va gumanitar forumining ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

S.Rahimov, O‘zA