Joriy yil 7 iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Faxrimiz va iftixorimiz ramzi hisoblangan davlat bayrog‘ini qo‘llash mumkin bo‘lgan holatlar soni yanada ko‘paydi. Endilikda, davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkin. Ushbu yo‘nalishda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish bojxona organlari xodimlari tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Bugun hatto eng olis hududlarda joylashgan bojxona xodimlarining xizmat uylariga ham davlat bayrog‘i o‘rnatilmoqda. Mamlakatimizning “Shimoliy darvozasi”, Nukus shahridan 450 kilometr masofada joylashgan “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l va “Dovud-ota” chegara bojxona postlari hududidagi xizmat uylariga davlat bayroqlarini o‘rnatish tadbiri tom ma’noda katta tantanaga aylanib ketdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ilhombek Kazakov tadbirni ochib, yig‘ilganlarni tashkil etilgan tadbir bilan samimiy qutladi.
“Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l bekatida joylashgan xizmat uyida o‘tkazilgan tantana mahalla uchun katta bayramga aylanib ketdi. Madaniyat xodimlarining chiqishlari esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
–Har gal uyimizga kirganimizda bayroqqa ko‘zimiz tushishi, Vatan oldidagi burch va xizmat vazifalarimizga yanada katta shijoat bilan yondashishimizga undaydi, – deydi bojxonachi Ikram Ashirbekov. – Osuda osmon ostida mangu hilpirayotgan bayroqlarimiz bugungi tinch zamonamizga shukrona aytishga undayotgandek go‘yo. Zero, ushbu tinchlik zamirida ham qalqonlarimizning betinim mehnati, jasorat va zahmatlari mavjud.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.