Respublika bo‘yicha jami 89 ta davlat oliy ta’lim muassasasi hamda ularning hududlardagi 29 ta filial va fakultetlariga 1 million 18 ming 7 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularning 948 ming 486 nafari test sinovida ishtirok etishi belgilandi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Bilim va malakalarni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Abduvahob Hayitovning so‘zlariga ko‘ra, kirish test sinovlarini ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida keng jamoatchilik orasidan 3  ming 500 nafarga yaqin nomzod guruh nazoratchisi sifatida jalb etiladi.

Shuningdek, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarni surdotarjimon xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida 127 nafar surdotarjimon bilan shartnoma tuzildi.

2023/2024 o‘quv yili qabulida xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Andijon davlat chet tillari instituti, Namangan davlat chet tillari instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan ijodiy imtihonlar o‘tkazilishi belgilangan. Joriy yilda mazkur ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun 20 mingdan ziyod abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Imtihonlar abituriyentlarga qulay bo‘lishi uchun barcha hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)da tashkil etildi va abituriyentlar o‘zlari tanlagan hududda imtihonlarda ishtirok etdi.

Imtihonlar ikki bosqichda tashkil etilib, uning 1-bosqichi 17-20 iyul kunlari elektron tarzda, 2-bosqichi (yozma qismi) esa 21-23 iyul kunlari qog‘oz shaklda bo‘lib o‘tdi.

Mazkur imtihonlarda abituriyentlarning tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Imtihonlar 12 ta chet tili — ingliz, nemis, fransuz, ispan, xitoy, koreys, yapon, hindiy, turk, arab, fors va uyg‘ur tillari bo‘yicha tashkil etildi va chet tillarni bilishning B1 darajasi bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Hozirda imtihon natijalari hisoblanmoqda. Imtihon natijalarini hisoblash oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga qadar yakunlanadi va natijalar abituriyentlarning shaxsiy kabinetida e’lon qilinadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA