Ayni kunlarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama maslahatlashuv o‘tkazish maqsadida Londonda bo‘lib turibdi.

Rasmiy uchrashuvlar o‘tgach, Direktorlar institutida mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya biznes forumi tashkil etildi.

Xalqaro kompaniyalar, moliya institutlari, banklar rahbarlaridan iborat ikki yuzga yaqin mahalliy va xorijiy ekspert ishtirok etgan tadbirda ma’ruzalar, taqdimot va norasmiy qabul bo‘lib o‘tdi.

B.Saidov ikki mamlakat iqtisodiy munosabati rivojlanib borayotganini yuqori baholab, kompaniyalar o‘rtasida moliyaviy, sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Buyuk Britaniya Biznes va savdo departamenti savdo muzokaralari bosh direktori A.Bruks 2021 yil O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning kengaytirilgan “GSP” tizimiga qabul qilingan birinchi davlat bo‘lgani, ya’ni britaniyalik importchilar yurtimizda ishlab chiqarilgan 7800 dan ziyod mahsulot uchun boj to‘lamasligini ta’kidladi. Umumiy tovar ayirboshlash miqdori 2016 yildan buyon uch barobar ko‘payib, 2022 yil 245 million funt sterlingga yetdi.
Taqdimotdan so‘ng investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oybek Hamrayev mamlakatimizdagi investitsiya muhiti haqida umumiy ma’lumot berib, energetika, sanoat va moliya sohalarida amalga oshirilgan qator sarmoyaviy loyihalarga to‘xtalib o‘tdi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxo‘jayev diyorimizdagi yirik oltin, kumush, uran, mis, ko‘mir konlarini o‘zlashtirishda jahon tog‘-kon kompaniyalari salmoqli salohiyati haqida gapirdi. U, shuningdek, litiy, volfram, grafit kabi qimmatli materiallarni qazib olish uchun qator investitsiya imkoniyati to‘g‘risida so‘z yuritdi. Joriy yil yurtimizda rasmiylar tomonidan 450 ta konchilik litsenziyasi berilgan.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari parki bosh direktori Maxliyo Muhinova mamlakatimiz startap ekotizimi jadal rivojlanayotgani, innovatsion iqtisodiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha davlat dasturlari ishlab chiqilgani xususida ma’lumot berdi. Xizmat eksporti, jumladan, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, texnik yordam va biznes jarayonini autsorsing qilishda sezilarli o‘sish mavjudligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, rivojlanayotgan bozorlar investori, Toshkentdagi “DNA” strategik kommunikatsiya firmasi asoschisi Esfandiyar Batmangelij ishtirokida muhokama uyushtirildi.

– Tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otgani bois keng maydonda o‘tkazishga qaror qildik, – dedi respublikamizning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov. – O‘ylaymizki, rasmiylar, Britaniya hukumati o‘rtasidagi bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri va samimiy muloqot savdo-sarmoya ko‘lami kengayishida muhim ahamiyatga ega.

Forum doirasida yangi qo‘shma korxonalar ochish, o‘zaro sarmoya kiritish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA