Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan 2022-2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturida joriy yildan boshlab har yili O‘zbekistonda milliy jurnalistikaning rivojlanishi bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining milliy ma’ruzasini tayyorlash va e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bunday tartibning joriy etilishi yurtimizda media soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlash, tahlil qilish, erishilgan yutuqlarni e’tirof etish, qolaversa, milliy jurnalistikamizda yuzaga kelgan muammo va kamchiliklar xususida keng omma va jurnalistlar jamoatchiligiga axborot berish, ushbu masalalarga birgalikda yechim izlash imkoniyatlarini yaratadi. Shuning barobarida, milliy jurnalistikaning har jihatdan rivojlanishiga turtki beradi, deb hisoblaymiz.
E’tiboringizga havola etilayotgan ushbu ma’ruza Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Milliy media birlashmasi bilan hamkorlikda, shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi a’zolari va hududiy bo‘limlari rahbarlari, uyushma huzurida faoliyat yuritayotgan ijodiy kengashlar mas’ullari, soha ekspertlari, bir so‘z bilan aytganda, keng jurnalistlar jamoatchiligi taklif va tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Sohaga oid islohotlar samarasi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga kirishgan dastlabki kunlardan boshlab matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doimiy ravishda alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Bir misol, davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori uyushma faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida besh-olti nafar xodim ishlaydigan uyushma markaziy apparatida 23 ta shtat birligi, tashkilotimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlari tashkil etildi. Uyushmaning jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan hududiy bo‘limlari rais va xodimlariga uchta shtat birligida oylik maosh belgilandi. Uyushma va O‘zbekiston Milliy matbuot markazi moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Har yili mamlakatimizdagi faxriy jurnalistlardan 100-200 nafarini “Hurriyat” gazetasiga uyushma hisobidan obuna qilish yo‘lga qo‘yildi.
Uyushmaga a’zolarni qabul qilish tiklandi, yangi namunadagi a’zolik guvohnomasi, ilgari bo‘lmagan a’zolik ko‘krak nishoni tayyorlandi.
2017-2022 yillar mobaynida 600 ga yaqin faxriy va ehtiyojmand jurnalistga moddiy yordam ko‘rsatildi. Ko‘makka muhtoj bemor jurnalistlar salomatligini tiklashga mablag‘ yo‘naltirildi. “Yosh yuraklar sadosi” seriyasi ostida 100 dan ziyod yosh jurnalistning eng sara maqolalari jamlangan ikkita to‘plam-kitob nashr etildi.
Bugungi kunda ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli jurnalistikaga oid islohotlar ortga qaytmas tus oldi. Buni nafaqat sohamiz, balki keng jamoatchilik vakillari, xalqaro ekspertlar ham alohida e’tirof etib kelayotir.
Keyingi yillarda sohada izchil amalga oshirilgan islohotlar, ochiqlik siyosati ommaviy axborot vositalari xodimlarini ruhlantirdi. Ularning faollashishiga turtki berdi, istagan mavzu bo‘yicha materiallar tayyorlash mumkinligiga, bunga hech qanday to‘siq yo‘qligiga ishonchi oshdi. Ayni paytda jurnalist va blogerlar tomonidan joylarda yuzaga kelgan muammolar qo‘rqmasdan dadil ko‘tarib chiqilib, ijtimoiy tarmoqlarda ham e’lon qilish keng ommalashdi. Eng muhimi, tanqidiy-tahliliy chiqishlar, bildirilayotgan takliflar, fikr-mulohazalardan so‘ng ko‘plab masalalarga yechim topilib, muammolar ijobiy hal etilmoqda, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Vaholanki, ilgari bunday holatlar kamdan-kam kuzatilar edi.
Keyingi yetti yilda sohaga qaratilgan alohida e’tibor, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari soni 1514 tadan 2140 taga ko‘paydi. Ularning 65 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Shundan, 1255 tasi gazeta va jurnal, 18 tasi axborotnomadir. 116 tasi teleradiokanal bo‘lib, internet nashrlar soni 395 tadan 745 taga oshdi. Demak, birgina internet nashrlar soni 350 taga ortgan.
Ayonki, jurnalistlar nafaqat internet nashrlar, gazeta va jurnallar, teleradiokanallarda, balki vazirlik, korxona va tashkilotlarning axborot xizmatlarida ham faoliyat yuritadi.
Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, barcha davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, zamonaviy talablar asosida tashkil qilindi.
Keyingi yillarda sohadagi bu kabi islohotlar doirasida respublika ahamiyatiga molik 280 dan ortiq idora, muassasa, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida birinchi marta axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 98 ta davlat organi va tashkilotida qayta tashkil etildi. Besh yil avval axborot xizmatlari sohasida jami 433 mutaxassis-jurnalist faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 1300 dan ortgan.
Albatta, sohadagi bu kabi o‘sish barobarida OAVlarda zamonga mos ravishda faoliyat yuritish, tezkorlikka intilish kuchaydi. Jumladan, materiallar tayyorlashning yangidan-yangi usullari bo‘y ko‘rsatmoqda.
Kadrlar tayyorlash bo‘yicha
Barcha soha, jumladan, jurnalistika rivoji ham bevosita kadrlar salohiyatiga bog‘liq. 2018 yil may oyida davlatimiz rahbarining tashabbusi va qarori bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi.
Markaziy Osiyo va MDHda yagona bo‘lgan mazkur ta’lim dargohida ayni kunda 3350 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Boshqacha aytganda, bu yerda media va ijtimoiy sohalarga oid o‘n yettita bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va shuncha magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Yaqinda universitetda ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun “Markaziy Osiyoda media va kommunikatsiyalar” xalqaro ilmiy jurnali nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Tezkorlik bilan rivojlanayotgan davrda har tomonlama professional jurnalist kadrlarga ehtiyoj katta. Jurnalistika o‘qitilayotgan oliy o‘quv yurtlarida ilmiy salohiyat ko‘rsatkichlari yuqorilab borayotgani, nazariya va amaliyotning uyg‘un tashkil etilayotgani, ilmiy izlanishlar qilayotganlar orasida yoshlar ko‘pligi quvonarli. Keyingi yillarda ushbu oliy ta’lim muassasasi huzuridagi ilmiy kengashda 26 o‘qituvchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 4 olim esa filologiya fanlari doktorligini (DSc) himoya qildi. Shuningdek, O‘zDJTU huzuridagi bir martalik kengashda 4 olim, O‘zMU va QDU huzuridagi ilmiy kengashlarda 1 nafardan olim (DSc) doktorlik ishini muvaffaqiyatli yoqladi.
Taniqli ma’rifatparvar, jadid matbuotining yetakchi vakillaridan biri Abdulhamid Cho‘lpon ishtirokida 1918 yili ta’sis etilgan “O‘zbekiston matbuoti” jurnali qayta tiklandi va Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatidagi ilmiy jurnallar qatorida faoliyatini davom ettirmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti kabi o‘ndan ortiq oliy ta’lim dargohida jurnalist kadrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining yurtimizdagi ayrim filiallarida ham sohamiz uchun mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani o‘ziga xos ijobiy raqobatni yuzaga keltirdi.
Jurnalistikaga oid qonunchilikning takomillashuvi
Keyingi yillarda sohaga oid 3 ta qonun, Prezidentimizning 2 ta farmoni va 4 ta qarori, hukumatning 10 ga yaqin qaror va farmoyishi qabul qilindi. Buning natijasida mamlakatimizda axborot olish va axborotlashtirish, so‘z erkinligi hamda davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini ta’minlash, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qator yangiliklar joriy etildi, imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi kabi yangi norma va moddalarning mustahkamlab qo‘yilishi tarixiy voqea bo‘ldi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida axborot siyosatini yuritishning asosiy ustuvor vazifalari sifatida:
– ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish;
– odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlar ijrosi ahvolini o‘rganishda ularning mehnatidan samarali foydalanish;
– ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni o‘z vaqtida berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olish;
– mamlakatimizda bugungi islohotlar talabiga javob beradigan ijtimoiy mas’uliyatli ommaviy axborot vositalarini shakllantirish va faoliyati samaradorligini oshirish belgilandi.
Prezidentimizning 2022 yil 14 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Axborot kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining yangi ustavi tayyorlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Oliy sud plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Ushbu sa’y-harakatlar orqali mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining haq-huquqlarini himoya qilish borasidagi huquqiy asoslar takomillashdi, mustahkamlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi sohaga qaratilayotgan alohida e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi. Ushbu hujjatda:
– bolalar uchun mo‘ljallangan eng yaxshi tele va radioloyiha, “Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eng yaxshi material” tanlovlarini tashkil etish;
– ommaviy axborot vositalari xodimlarining xorijiy tillarni o‘rganish hamda xorijiy tillar bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlarini qoplash;
– jismoniy shaxslar tomonidan davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga elektron tarzda obuna bo‘lish hamda davriy bosma nashrlar uchun obuna xarajatlarining bir qismini qaytarib berish;
– davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo‘lmagan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakllarini yaratish, ularni modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash bo‘yicha tartiblar belgilandi.
Milliy jurnalistika rivoji yo‘lida
O‘tgan yillar davomida milliy mediamiz rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlar doirasida Oliy Majlis huzurida Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzildi. 2021 yili Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi ish boshladi.
Prezidentimizniнг 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, 2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 iyulga qadar ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi joriy etildi.
Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi materiallar mualliflarini bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobarigacha miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlash belgilandi.
Qaror ijrosi doirasida joriy yildan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov bosh milliy mukofoti sohibiga yengil avtomobil taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, g‘oliblarga beriladigan mukofot puli miqdori sezilarli darajada oshirildi. Tanlovning rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari ko‘paytirilib, 12 taga yetkazildi.
Tele va radiokanallarning badiiy kengashlari faoliyatiga jalb qilingan malakali ekspertlarni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan doimiy ravishda rag‘batlantirib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ommaviy axborot vositalari va uyushmaning hududiy bo‘limlari huzurida 44 ta mahorat maktabi, 41 ta “Yosh jurnalistlar” to‘garaklari tashkil etildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Ayni kunda uyushma huzurida ustoz jurnalistlar, OAV mas’ullari, mediasoha uchun kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tomonidan “O‘zbekiston jurnalistlari” va “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitoblarini nashrga tayyorlash boshlangan.
Nodavlat mediatashkilotlar bilan hamkorlikda jurnalistlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikamiz hududlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar uchun jahon standartlari hamda bugungi kun o‘quvchilarining didi va talabiga mos keluvchi sifatli kontent yaratishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, turli davlat tashkilotlari, vazirliklar, idoralar hamda yirik ishlab chiqarish korxonalari, banklar va qator muhim sohalar tarkibidagi axborot xizmatlari rahbarlari uchun maxsus mediatreninglar o‘tkazilmoqda. Mazkur jarayonlarda YUNESKO, YeXHT, BMT Taraqqiyot dasturi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida tuzilgan memorandumga ko‘ra jurnalist va blogerlarga huquqiy maslahatlar berib borilmoqda.
Har bir sohada, jumladan, jurnalistikada ham xalqaro tajribani o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, uyushmada mazkur yo‘nalish bo‘yicha ishlarni jonlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uyushma tomonidan Rossiya, Janubiy Koreya, Tojikiston jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Joriy yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Umumxitoy jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuvi yangilandi.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar axborot agentliklari tajribasini chuqur o‘rgangan holda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini qayta tashkil qilish, uni yirik mediatuzilmaga aylantirish bo‘yicha ishlar davom etayotgani quvonarli. Agentlikka boshqaruv huquqi asosida berilgan “Matbuot uyi” bino va inshootlari hamda ularga tutash hududda yaqin vaqt ichida zamonaviy mediashaharcha tashkil etilishi barchamizni xursand qilmoqda.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Soyliq qishlog‘ida joylashgan “Oqtosh” ijod uyini rekonstruksiya qilish hamda unga qo‘shimcha bino va inshootlar qurish choralari ko‘rilayotgani ham OAV xodimlari salomatligini mustahkamlash va tiklash, ularning maroqli dam olishini ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi.
Shu o‘rinda yangi saylangan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqida ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga samimiy minnatdorlik izhor etgani, “So‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaymiz”, deya alohida ta’kidlagani keng jurnalistlar va blogerlar jamoatchiligini ruhlantirdi.
Mavjud muammolar
Hozirgi kunda yangilanayotgan O‘zbekistonimizdagi mahalliy, xususiy va xorijiy ta’lim dargohlarida 4 mingdan ziyod yigit-qiz mediasoha yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Bu yaxshi ko‘rsatkich. Ammo tahlillar hamma bitiruvchilar ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylasha olmayotganini ko‘rsatmoqda. O‘qish davomida ularning barchasi yetarli darajada bilim va malakaga, tajribaga ega bo‘lmoqda, deb bo‘lmaydi. Shu bois, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklaridan mazkur masalaga jiddiy e’tibor qaratish so‘raladi.
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan bosma nashrlarning ahvoli hamon og‘irligicha qolmoqda. Xususan, bugungi kunda ko‘plab tuman gazetalari chop qilinmayapti, chop etilayotganlari ham juda kam adadda. Hatto bir paytlar tiraj jihatidan sobiq ittifoqda yuqori ko‘rsatkichlarni egallagan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Qishloq hayoti”, “Toshkent oqshomi”, “Vechernыy Tashkent” singari nashrlarning 1000 nusxa atrofida chiqayotgani g‘oyatda tashvishlanarlidir. Ushbu gazetalarning muassislari bu borada aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi shart.
Bugun respublikamizda 10 mingdan ziyod maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni kunda o‘quvchilarning asosiy nashrlari bo‘lgan “G‘uncha” jurnali 3200, “Gulxan” jurnali 3362, “Tong yulduzi” gazetasi esa 2056 adadda chop etilmoqda. Bu holat mamlakatimizdagi maktablarga gazeta va jurnallar kam yetib borayoganini anglatadi.
Bugun bu borada dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan AQSH, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda minglab, millionlab nusxada chop qilinayotgan bosma nashrlarni ko‘rish mumkin. Ushbu davlatlar tajribasidan ham o‘rganish, qaysidir ma’noda ulgi olish kerakdir.
Shu o‘rinda gazeta va jurnallar tirajini ko‘paytirish uchun, birinchi navbatda, ularning o‘qishlilik darajasini oshirish, o‘quvchilar qiziqib mutolaa qiladigan bo‘lishini ta’minlash ham juda muhimligini ta’kidlash joiz.
Endi so‘zimizni kasbiy faoliyatimizga oid ayrim mulohazalar bilan davom ettirsak. Gap shundaki, ba’zi hamkasblarimiz kasb etikasi qoidalari, ommaviy axborot vositalariga oid qonunchilik talablariga har doim ham rioya etmayapti.
Davlat va nodavlat teleradiokanallarida yengil-yelpi, ijtimoiy yuki yengil ko‘rsatuv va eshittirishlar soni oshib borayotganini yashirib bo‘lmaydi. Ma’no-mazmuni haminqadar ko‘rsatuvlar ko‘payib, efir titrlarida imloviy xatolar uchramoqda.
Bu kabi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish lozim.
Yana bir masala. To‘g‘ri, bugun OAVda e’lon qilingan tanqidiy materiallarga mas’ullar tomonidan munosabat bildirish jonlandi. Ammo, ochiq aytganda, bu yetarli darajada emas. Hisobotlarda bu boradagi ko‘rsatkichlar negadir yuqori. O‘rganishlar bildirilayotgan munosabatlarning muayyan foizi o‘ta yuzaki va xo‘jako‘rsinga ekanini ko‘rsatmoqda.
Ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga insonning shaxsiy ma’lumotlari, uning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qiladigan, ba’zan ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik va haqorat ko‘rinishidagi post va izohlarni joylashtirish holatlari uchrayotgani ham tashvishli.
Shu o‘rinda, jurnalist va blogerlarni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirish, blogerlik faoliyati bo‘yicha jahon tajribasini, ularning daromadini soliqqa tortish masalasini ham o‘rganish lozim, deb hisoblaymiz.
Ta’kidlash joiz, uyushma faoliyati, uning xodimlari oylik maoshi, uyushmani saqlash xarajatlari “Ilhom” jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Afsuski, bu borada yuzaga kelgan jiddiy muammolar yechim topmayapti.
Ushbu ko‘tarilgan masalalar ijobiy hal etilishiga umid qilib qolamiz.
Soha rivojiga doir yangi rejalar
Birinchidan, O‘zbekistonda jurnalistika sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish.
Ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari faoliyatini tahlil qilish, sohada yuzaga kelgan muammolarni o‘rganish, ularga yechim topish borasidagi ishlarni jonlantirish zarur. O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda mediatuzilmalar va ularda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun tavsiyalar ishlab chiqish.
Uchinchidan, milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuq hamda ilg‘or tajribalarini keng ommalashtirish, jurnalist va blogerlarda ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni takomillashtirish va boyitish, tajriba almashishga qaratilgan respublika va xalqaro mediaforumlar o‘tkazish.
To‘rtinchidan, uyushma faoliyatini yanada jonlantirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, uyushma a’zolari va OAV vakillarini ijtimoiy himoya qilish, tegishli imtiyozlar yaratish, rag‘batlantirish, bir so‘z aytganda, har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi reja va dasturlar ishlab chiqish.
Beshinchidan, Prezidentning “O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tayyorlash.
Oltinchidan, uyushma tomonidan 2024 yilning birinchi yarim yilligida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy mediatuzilmalari hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish.
Yettinchidan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi, Osiyo jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlar jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolash.
Sakkizinchidan, 2023-2024 yillarda uyushmaning 60 nafarga yaqin a’zosi xorijiy davlatlar OAVlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini, nufuzli mediatadbirlarda ishtirok etishini ta’minlash.
To‘qqizinchidan, mamlakatimizda internetdan (ijtimoiy tarmoqlardan) faol foydalanuvchilar soni kundan-kunga oshib borayotganini hisobga olgan holda, har bir markaziy va hududiy OAV internet (ijtimoiy tarmoqlar) sahifalariga (milliy ma’naviyatni yuksaltirishga oid) o‘z materiallarini (keng omma o‘qishiga moslagan holda) joylashtirib borishni ko‘paytirish uchun alohida dasturlar ishlab chiqilishi bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash.
O‘ninchidan, kelgusida ustoz va tajribali jurnalistlarimiz tomonidan mahorat bilan yozilgan (gazeta va jurnallarimizda kamayib borayotgan ocherk, feleton, jurnalistik surishtiruv, esse kabi), publitsistik janrlarda tayyorlangan eng sara materiallarni (to‘plam-kitob holida) nashr etish.
O‘n birinchidan, uyushma tomonidan O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari qabul qilingan kunlar munosabati bilan tanlovlar o‘tkazish, katta bayram tadbirlarida g‘oliblarga sovg‘alarni tantanali ravishda topshirish.
O‘n ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari xodimlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ehtiyojmand va bemor, faxriy jurnalistlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni jonlantirish.
O‘n uchinchidan, uyushma tomonidan o‘tkazilayotgan “Yilning eng faol jurnalisti” va “Atirgul” tanlovlarida “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali” nominatsiyasini joriy etish.
O‘n to‘rtinchidan, uyushma huzuridagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida zamonaviy mediaxizmatlarni ko‘rsatish va rivojlantirish, uyushma markaziy apparati va hududiy bo‘limlarining xalqaro grant loyihalarida faol ishtirok etishi orqali qo‘shimcha mablag‘ topish, kelgusida uyushma o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash choralarini izlash borasidagi ishlarni jonlantirish.
O‘n beshinchidan, mamlakatimiz OAVlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarni davlat tili haqidagi qonun va qonunosti hujjatlar bilan tanishtirib borish va ularning mazmun-mohiyati xususida fikr almashinuvini tashkil etish maqsadida uyushma huzurida “Tilimiz fidoyilari” klubini tashkil etish. Klub tomonidan markaziy va hududiy OAVlarda – gazeta va jurnallarda, teleradiokanallarda, internet nashrlarda davlat tili qoidalariga rioya etilishi tahliliga bag‘ishlangan davra suhbatlari – turli tadbirlar uyushtirish, jurnalistlar tomonidan tayyorlanib e’lon qilinayotgan materiallar tilini o‘rganish, tahlil qilish, bu borada jurnalistlarga ijodiy-uslubiy yordam berish.
O‘n oltinchidan, ommaviy axborot vositalarida, jumladan, davlat va nodavlat teleradiokanallarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning oylik maoshi (ish haqi) hamda qalam haqi (gonorar)ni bugungi kun talablariga moslashtirgan holda oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlash.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, milliy jurnalistikamiz rivoji yo‘lida hali qilinadigan ishlar, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi oldida turgan vazifalar ko‘p.
Mamlakatimiz mediasini yangi va yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan ana shu ishlar ayni kunda yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan 6 mingga yaqin jurnalist, uyushmaning 2 mingdan ziyod a’zosi xohish-irodasi, taklif-tavsiyalari asosida amalga oshiriladi. Bu yo‘lda barcha OAV vakillarini uyushma atrofida birlashib, yanada faol va hamjihat bo‘lishga chorlaymiz.