Jo‘qorg‘i Kenges raisi Qur’on musobaqasining mutloq g‘olibini qabul qildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida joriy yilning 21-24 aprel kunlarida O‘zbekiston Musulmonlari boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan Qur’on musobaqasining “Hifz” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi, musobaqaning mutlaq g‘olibi Toshkent Islom instituti talabasi, qoraqalpog‘istonlik Joldasboy Nuritdinovni qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov musobaqa g‘olibini ajoyib g‘alaba bilan tabriklab, hurmatli Prezidentimizning rahbarligida mustaqil davlatimizda diniy va milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash, buyuk bobolarimiz tomonidan qoldirilgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganishga qaratilayotgan alohida e’tiborni ta’kidlab o‘tdi.

Yurtboshimizning tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu musobaqa Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakillari uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Jumladan, Joldasboy Nuritdinov mutlaq g‘olib sifatida Prezidentimizning sovg‘asi “Jentra” avtomashinasi bilan taqdirlangan bo‘lsa, 18-25 yoshdagi erkaklar o‘rtasida “Tilovat” yo‘nalishi bo‘yicha yana bir Qoraqalpog‘iston vakili Nurmuhammed Ametniyazov uchinchi o‘rinni, diniy ta’lim muassasalarining talabalari o‘rtasida “Tilovat” yo‘nalishi bo‘yicha Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus Islom bilim yurtining talabasi Hamidulloh Hikmatullayev ikkinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqaning mutloq g‘olibi Joldasboy Nuritdinov 1995 yil 9 yanvarda Xo‘jayli tumanining Keneges qishlog‘ida tug‘ilgan. 2010-2014 yillarda Nukus shahar Islom bilim yurtida ta’lim olgan. Hozirgi vaqtda Toshkent Islom instituti talabasi.

photo5420304085841717439.jpg

2011 yil XXI respublika Qur’on musobaqasining, 2012 yil XXII respublika Qur’on musobaqasining g‘olibi bo‘lgan bo‘lsa, 2013 yilda Quvayt davlatida bo‘lib o‘tgan xalqaro Qur’on musobaqasiga qatnashib, dastlabki o‘nlikdan o‘rin egallagan. Bundan tashqari, 2016 yil Toshkent Islom institutida bo‘lib o‘tgan “Qur’on ziyofati” tanlovida, shu yilning o‘zida ushbu institutda bo‘lib o‘tgan dastlabki Azon aytish musobaqasida g‘olib bo‘lgan.

O‘z navbatida, musobaqa g‘olibi Joldasboy Nuritdinov alohida e’tibori uchun Jo‘qorg‘i Kenges Raisiga minnatdorchilik bildirdi.

Qabul yakunida g‘olibga esdalik sovg‘alar topshirildi.

photo5420304085841717441.jpg

 

A.Nasirlayev, O‘zA