Markaziy Osiyo mamlakatlari futbol assotsiatsiyalari jahon chempionatlarini kelgusida hamkorlikda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi

Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida Markaziy Osiyoning turkiyzabon davlatlari futbol assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirokida o‘tgan sammitda ushbu masala ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi https://kfu.kg sayti xabarida.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etgan sammitda tomonlar har bir futbol assotsiatsiyasining rivojlanishidagi asosiy omillar infratuzilmani yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish bilan bog‘liqligini ta’kidlashdi.

Hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, xalqaro turnirlar, turli yosh toifasidagi jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini birgalikda tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA