Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan boshqarma boshlig‘i va inspektor ushlandi.
Fuqaro F.Yu. fuqaro S.O.ni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSH dollarni olgan vaqtida ushlandi. Uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu universitetning o‘quv uslubiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan B.D. fuqaro F.Yu.dan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqaro Sh.Ye. va Nukus tibbiyot texnikumi ichki nazorat bo‘limi inspektori D.N. fuqarolar Sh.K., I.Yu. va O.S.ni ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 12 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
******
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar qo‘lga olindi.
Fuqaro B.A. (muqaddam JKning 177-moddasi bilan sudlangan) va A.D. jami 3 ming 300 AQSH dollarini fuqaro S.A.dan 38,1 million so‘mga sotib olgan vaqtida ushlanib, ularning yonidan 250 AQSH dollari, 81 ming 500 qozoq tengesi va 50,7 million so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
******
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik tanlovining Kegeyli tuman bosqichida 20 nafarga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qiz o‘zlarining mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yurtimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, tashabbuskor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning Vatanimiz kelajagi yo‘lidagi intilishi, izlanishlaridagi faolligini rag‘batlantirish orqali zamonaviy tadbirkor ayol qiyofasini yaratishdan iborat.
Hakamlar tanlov mobaynida tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qizlarning faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning shu davrga qadar erishgan yutuqlari, imkoniyatlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
Tanlov yakunida birinchi o‘rin “Sarbinaz milliy kiyimlari” MCHJ rahbari Sarbinaz Ataniyazova egalladi. Ikkinchi o‘rinni “Allayar Muxamedyar” MCHJ rahbari Gulchehra Jumanazarova, uchinchi o‘rinni yakka tartibdagi tadbirkor Dilbar Seytniyazova egalladi. Bundan tashqari ishtirokchilar beshta nominatsiya bo‘yicha ham rag‘batlantirildi. G‘olib tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
Joylarda tanlovning shahar va tuman bosqichlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri