ESHQOBIL SHUKUR

«Ey yo‘lovchi, bo‘laqol qo‘noq…»

Abdulla Oripov

Yo‘lovchi, ayt, qizg‘in diydorlar qayda,

Bir savolga toldim, dardimni ayta,

Bu ko‘hna yo‘llarda biz yana qayta,

Ko‘rishamizmi yo ko‘rishmasmizmi?

 

Bu yo‘l osmon bilan tutashgan yo‘ldir,

Unda keluvchidan ketuvchi mo‘ldir,

Sen menga bir issiq tabassum qoldir,

Ko‘rishamizmi yo ko‘rishmasmizmi?

 

Uzrliman tanish-notanishlardan,

Kimga naf tan olish yo tonishlardan,

Bir hovuch qor qoldir menga qishlardan,

Ko‘rishamizmi yo ko‘rishmasmizmi?

 

Bu yo‘l ikki dunyo tutashgan yo‘ldir,

Yo‘lovchi, horigan ko‘nglimga qo‘l ber,

Menga bittagina shirin so‘z qoldir,

Ko‘rishamizmi yo ko‘rishmasmizmi?

***

Azal daftarida ne g‘am, ne tarab,

Qanday ajr bordir yo qanday jazo?

Muncha bezovtasan, ey bulbuli ta’b,

Qara, poyingga gul to‘shamish javzo.

 

Garchi bir bosh uzra ming bitta savol,

Hukmlar zabtida jonlaru shonlar.

Lekin sen titrama, ey qizg‘aldoqhol,

Senga deb shudringlar yig‘moqda tonglar.

 

Shafaqlarga boqib chekmagil anduh,

Umrim besh kunlik deb ko‘tarma faryod.

Shu besh kun haqqiga, ey kapalakruh,

Senga deb bir bog‘ni tiklabdi hayot.

                  OLAPAR

Olaparni shundoq ko‘zim oldida
Otdilar — do‘stini bolaligimning…
Onam o‘rgatganday: «Rozi bo‘l» dedim,
Shu ilk bor rozilik so‘rashim mening.

 

Jigarrang, alamli ko‘zlarin tikib,
Olapar vidolar aytarkan beso‘z…
Birdan o‘q otildi. Ortga burildim –
Yelkamga qadalib qoldi ikki ko‘z.

 

Yillar o‘tib ketdi. O‘z o‘tmishim bor –
Kechganim goh dushman, goho do‘st bilan.
Men endi qarayman bolaligimga
Yelkamga qadalgan bir juft ko‘z bilan…

                         ***

Mening muhabbatim nimaga arzir,

Nimaga  arzirdi yonib-kuyganim.

Mehr  bu sunnatdir, mehr  bu farzdir,

Seni Xudo suysin, mening suyganim.

 

Men  bir  kuyinchaging, tilovching, xolos,

Senga  yo‘lamasin mendagi qayg‘u.

Mendan bu dunyoga bir niyat meros,

Seni Xudo suysin, obod bo‘l mangu.