Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyada, Istanbul Medipol universitetida bo‘ldi.
Safar davomida oliy o‘quv yurti rektori professor Omer Jeran bilan ikki tomonlama munosabatning joriy holati atroflicha muhokama etildi.
TTAning 2022 yil yo‘lga qo‘yilgan mazkur xorijiy ta’lim muassasasi bilan hamkorligi shu yil imzolangan memorandum bilan mustahkamlangan. Sheriklik samarasi o‘laroq, “Kattalar va bolalar bo‘g‘im kasalliklariga zamonaviy yondashuv” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda hamkor oliy o‘quv yurtlari klinikasidan bir guruh ortoped-shifokorlar ishtirok etdi. Tadbir so‘nggida TTA qoshida mazkur universitet vakolatxonasi ochildi. Bu galgi uchrashuvda esa tibbiy ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida yo‘l xaritasi imzolandi. Hujjatga ko‘ra, joriy yil yurtimizda O‘zbekiston – Turkiya sog‘liqni saqlash forumini o‘tkazish, pedagog xodimlar malakasini oshirish va talabalar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Muloqot yakunida Istanbul Medipol universiteti qoshida TTA vakolatxonasi ochilib, rektor A.Shodmonovga universitetning “Faxriy professor”i unvoni berildi.
O‘zA