Bu O‘zbekistonga ham ta’sir qiladimi?

Rossiya bugun, 18 iyuldan boshlab Don yo‘lagi kelishuvi to‘xtaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, X bandiga muvofiq, Rossiya tomoni kelishuv uzayishiga e’tiroz bildirmoqda. Bu haqda Turkiya va Ukraina tomoni hamda BMT Kotibiyati rasman xabardor qilingan.

Dunyo bo‘ylab bug‘doy eksportining 30 foizi, makkajo‘xori eksportining 20 foizi va kungaboqarning 76 foizi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yil 22 iyulda Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT vakillari tomonidan imzolangan mazkur tashabbus Ukraina don va oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, Qora dengiz orqali uchta port, jumladan, Odessadan o‘g‘it eksport qilishini nazarda tutadi. Kemalar harakatini Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi muvofiqlashtiradi.

Putin ta’kidlashicha, G‘arb Ukraina donining ko‘p qismini muhtoj Afrika davlatlariga emas, balki o‘z davlatlariga eksport qiladi. Don tashabbusi paketli bitimning ajralmas qismi hisoblanadi. Ikkinchi qism – uch yilga mo‘ljallangan Rossiya – BMT memorandumi RFning oziq-ovqat va o‘g‘it eksportini blokdan chiqarishni nazarda tutadi. Asosiy vazifalar qatorida “Rosselxozbank”ni SWIFT tizimiga qayta ulash, qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berishni qayta tiklash, ehtiyot qism va xizmat, Tolyatti – Odessa ammiak quvurini tiklash va boshqa qator tadbirlar bor. Rossiya tomoni vakillari ta’kidlaganidek, paketli kelishuvning ushbu qismi hozircha bajarilmagan.

Avvalroq Rossiya Prezidenti Janubiy Afrikalik hamkasbi Kiril Ramafosa bilan suhbatda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘it eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiyat bajarilmaganini ma’lum qilgandi. Suhbat chog‘ida Putin kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ya’ni muhtoj davlatlar, jumladan, Afrika qit’asiga don yetkazib berish amalga oshirilmaganini ta’kidladi.

Yuzaga kelgan holat O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga Rossiyadan bug‘doy importi bo‘yicha cheklov yo‘q. Bundan tashqari, biz Rossiya bug‘doyini, deyarli, sotib olmaymiz. Masalan, yanvar oyida mamlakatga 26,8 ming tonna bug‘doy kirib kelgan, shuning 99,2 foizi Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri keldi.

RFdan yanvar oyida 152 tonna bug‘doy import qilingan, bu umumiy hajmning 1 foizidan ham kam.

O‘zA