Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–857, 18.07.2023 y.) bilan Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritildi.

Shunga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari quyidagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi:

-barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno);

– o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini;

-O‘zbekistonga olib kiriladigan, O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari, translyatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, inventar va texnika, farmakologiya tovarlari, sport oziq-ovqatlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelimlar va maxsus professional sport kiyim-boshlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zA