Tezkor va qulay transport vositasi hisoblangan samolyotdan foydalanish uchun barchaning ham salomatlik ko‘rsatkichi mos tushavermaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti salomatligi tufayli havo layneri sahniga chiqish ruxsat etilmaydigan yo‘lovchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

“Aviakompaniyalar og‘ir ahvoldagi yoki parvoz chog‘ida sog‘lig‘i yomonlashishi mumkin bo‘lgan ba’zi yo‘lovchilarni samolyotga chiqarishdan bosh tortish huquqiga ega”, – deyiladi hujjatda.

Jumladan, tug‘ilganiga 48 soat to‘lmagan (yoki muddatidan avval dunyoga kelgan) chaqaloqlar, homiladorlikning 36-haftasi yoki shundan keyingi davrda bo‘lgan ayollar, stenokardiya va ko‘krak qafasi og‘rig‘i, yuqumli kasalliklar, yurak-qon tomir tizimi xastaliklariga chalinganlar, yaqinda infarkt yoki insultni boshdan kechirganlar uchishiga ruxsat etilmaydi. Shuningdek,  tanasida havo yoki gaz to‘planishi mumkin bo‘lgan jarohati bor va yaqinda oshqozon, ichak, ko‘z, yuz yoki bosh miya operatsiyasini o‘tkazganlar, nafas olish tizimi bilan bog‘liq o‘tkir, uzoq muddatli xastalikdan aziyat chekuvchilar, pnevmoniya tashxisi qo‘yilganlar, tinch holatda nafas qisishi xuruj qiluvchilar, o‘roqsimon hujayrali anemiyaga chalinganlar, pnevmotoraks (o‘pka teshilishi) aniqlanganlar, qulog‘ida infeksiya bor bemorlar, dekompressiya bilan og‘riganlar, bosh miyada bosim oshishi (qon ketishi, jarohat yoki infeksiya tufayli)dan qiynaladigan kishilarga samolyotda parvoz qilish cheklanadi.

Ekspertlar qo‘shimcha qilishicha, bu ro‘yxat turli aviakompaniyalar talabi asosida biroz farqlanishi ham mumkin.

O‘zA