Ayni kunlarda Iordaniyaning Amman shahrida sport kurashlari bo‘yicha U-15 va U-20 yosh toifalarida Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Ortda qolgan kunlarda 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalar yakuniga yetdi.

Shiddatli bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi kurashchilari 1 ta oltin, 6 ta kumush va 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Terma jamoamiz a’zolaridan o‘z vaznida erkin kurashchilarimizdan Ulug‘bek Rashidov oltin, Jahongir To‘lqinov va Behruz Bahodirov kumush, Farruxbek Jumanazarov, Jafar Jalilov, Bunyod Rufatov bronza medallari sohibiga aylanishdi.

Shuningdek, yunon-rum va ayollar kurashida Ovezdurdi Saparmuratov, Abdushukur Nurgeldiyev, Abbos Omonboyev, Shohista Shonazarova, Munisa Mingyasharova, Muhayyo Rahimjonova kabi yoshlarimiz sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Bugundan sport kurashchilari 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi qit’a chempionatining musobaqalarida ishtirokini boshlashdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA