Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO tomonidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2021 yildan 2023 yilga qadar amalga oshirilgan “COVID-19ga javoban kartoshkachilik sektorini tiklash va rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha yakuniy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va erishilgan natijalar xususida so‘z yuritildi.

– Loyiha milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida amalga oshirildi, – dedi FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassisi Pyotr Vlodarchuk. – Kartoshka navlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish va sertifikatlash bo‘yicha O‘zbekiston milliy tizimlari tahlil qilindi. Natijada mutaxassislar o‘z tavsiyalarini berdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, xususiy kompaniyalar va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar hamda kartoshkachilik sohasidagi mutaxassislar salohiyatini oshirish imkonini beruvchi qator treninglar o‘tkazilgan. Loyiha doirasida o‘zbekistonlik kartoshka mutaxassislari uchun Turkiyaga o‘quv safari ham tashkil etilgani alohida qayd etildi.

Loyiha ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham COVID-19 pandemiyasi oqibatlari kartoshka yetishtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, tovarlar va odamlar harakatida cheklovlar tufayli oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan. Shunday ekan, loyiha yuqori, barqaror va sifatli hosil yetishtirish orqali yurtimizda kartoshka tarmog‘i ishlab chiqarish salohiyatini oshirishni asosiy maqsadi etib belgilagan.

Milliardlab odamlar o‘z kundalik ratsionini qimmatbaho oziq-ovqat, ozuqa va texnik ekin bo‘lgan kartoshkasiz tasavvur qila olmaydi. Ushbu sabzavot sog‘lom uglevodlar manbai bo‘lib, kam yog‘li va yuqori tolali tarkibga ega, antioksidantlar va ozuqa moddalariga boy, ishlab chiqarish jarayonida boshqa oziq-ovqat ekinlarini yetishtirishga qaraganda kamroq issiqxona gazlari hosil bo‘ladi.

Ayni payt, kartoshka nafaqat odatiy va to‘yimli mahsulot, balki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, jumladan, kichik fermerlar uchun daromad manbai hisoblanadi. FAO ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda kartoshka 150 mamlakatda 20 million gektardan ziyod maydonda yetishtiriladi.

Xulosa shuki, “COVID-19ga javoban kartoshkachilik sektorini tiklash va rivojlantirish” loyihasining amalga oshirilishi mamlakatimizda ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan barqaror kartoshka ishlab chiqarish tizimini rivojlantirishga katta yordam berdi. Loyiha doirasida O‘zbekistonda oziq-ovqat va urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish, shuningdek, urug‘lik kartoshkani sertifikatlash tizimi bo‘yicha SWOT tahlili ham amalga oshirilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA