Joriy yilning 14-21 iyul kunlari Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida XVII Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Musobaqada hamyurtlarimizdan tashqari Avstraliya, Bangladesh, Xitoy, Gonkong, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Yangi Zelandiya, Qatar, Shri-Lanka, Tojikiston, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari hamda FIDE bayrog‘i ostida 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va qizlar g‘oliblik uchun dona suradi.
Poytaxtimiz mezbonligida o‘tadigan qit’a birinchiligida 400 nafarga yaqin yosh shaxmatchi 14 iyul kuni rapid yo‘nalishida chempionlar nomi aniqlansa, 15 iyuldan ishtirokchilar klassik yo‘nalishda 9 tur davomida o‘z mahoratlarini namoyish etadi. Shuningdek, 20 iyul – Xalqaro shaxmat kunida chempionatning blits yo‘nalishida ham kuchlilar saralanadi.
Bugun “International” mehmonxonasida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Osiyo hamda mamlakatimiz shaxmat mutasaddilari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA