O‘zbekiston bokschilarida biron-bir kun yo‘qki, qaysidir yo‘nalishda, qaysidir bokschimiz faoliyatida, terma jamoa faoliyatida yangilik, o‘zgarish bo‘lmasa. O‘tayotgan hafta shunday voqealarga boyligi bilan ajralib turdi.
Hafta avvalida terma jamoamizning Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sport bazasida Yaponiya, Vetnam va Rossiya terma jamoalari bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazdi.
Taniqli bokschilarimiz Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Mujibillo Tursunovning ertaga, 15 iyul kuni Tailandda o‘tadigan “Chempionlar oqshomi”da qatnashishi, yosh professionallarimiz Husniddin Maraimov, Doniyorbek Hayitaliyev, Shahbozbek Tolibjonov, Sirojbek Ismoilov va Dovrug‘bek Ibragimovlarning Janubiy Koreyaga yo‘l olgani haqidagi qiziqarli xabarlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Shunday yangiliklar ortidan ertaga, 15 iyul kuni Rossiyaning Orenburg shahrida “G‘alaba kubogi” Butunrossiya turnirining to‘rtinchi bosqichi doirasidagi superfinal va uchinchi o‘rin uchun kechadigan janglarda hamyurtimiz Odiljon Aslanovning rossiyalik Dmitriy Karmanovga qarshi ringga ko‘tarilishi to‘g‘risidagi yangilik yana bir qiziqarli uchrashuvga guvoh bo‘lishimizdan dalolatdir.
Bundan tashqari, ortda qolayotgan haftada birinchi yarim yengil vazn toifasida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev muhim jangini sentyabr oyida o‘tkazishi haqidagi xabar bokschimizning katta ringda yangi g‘alabali odim tashlayotganiga umid o‘yg‘otishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shuningdek, superyarim o‘rta vazn toifasidagi professional bokschimiz Isroil Madrimov keyingi jangini britaniyalik Jeyms Metkalfga qarshi o‘tkazishi O‘zbekistonga yaqin yillarda professional boksning yana bir chempionlik kamari keltirilishiga umid uyg‘otmoqda.
Ayni paytda mazkur jang bo‘yicha tomonlar muzokara olib borayotgani, to‘qnashuv WVA jahon chempionlik kamari uchun o‘tkazilishi bizni shod etgan bo‘lsa, superyarim o‘rta vazn toifasida WVA chempionlik kamari sohibi amerikalik Jermell Charloni xavotirga solgani bor gap. Boisi, WVA reytingida birinchi raqamli da’vogar Madrimov hisoblansa, uning raqibi Buyuk Britaniyaning birinchi raqamli bokschisi Jeyms Metkalf ushbu reytingda uchinchi o‘rinda bormoqda.
Voqealar rivojidan o‘tib ketmagan tarzda aytish lozim, ertaga mamlakatimiz professional boks hayotida o‘ziga xos voqea yuz beradi.
Mamlakatimiz sport sharafi 15 iyul oqshomida xalqaro boks olamida o‘zgacha ohangda jaranglaydi. Aynan shu kuni Janubiy Koreyada Hasanboy, Asadxo‘ja va Mujibillo, Rossiyaning Orenburg shahrida bo‘ladigan “G‘alaba kubogi”da Odiljon Aslanov O‘zbekiston nomini ulug‘lashga intiladi.
Muvaffaqiyat intilganlarga yor bo‘lishini nazarda tutsak, charm qo‘lqop ustalarimizning sa’y-harakati, intilishlari zafarli bo‘lishiga ishonging keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA