Kuni kecha AQSH, Germaniya, Fransiya, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya va Yaponiyadan iborat dunyoning yetti qudratli davlati – “Katta yettilik” guruhi Ukraina bo‘yicha birgalikda imzolangan deklaratsiyani e’lon qildi. Hujjatda, jumladan, shunday deyiladi:

Biz, G7 mamlakatlari yetakchilari, xavfsiz, mustaqil, demokratik va ozod Ukrainaning strategik maqsadiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Ukraina xavfsizligi Yevroatlantika mintaqasi xavfsizligining bir qismi, deb bilamiz.

Deklaratsiya quyidagi asosiy bo‘limlardan iborat:

G7 mamlakatlari Ukrainani qancha talab qilinsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi.

Rossiya aktivlari, Kiyevga “kompensatsiya” to‘lanmaguncha, muzlatilgan holda qoladi.

“Katta yettilik” Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan qurollar yetkazib berilishini ustuvor yo‘nalish, deb hisoblaydi.

G7 majburiyati Ukrainani himoya qilish va Rossiyani kelgusida ehtimoliy bosqinchilikdan tiyib turish uchun zarur barqaror kuchlar bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

“Yettilik” mamlakatlari va Kiyev razvedka ma’lumotini almashadi.

Hujjat Ukraina mudofaa sanoati rivojini kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.

G7 zimmasidagi majburiyatlardan biri Ukraina qurolli kuchlarini o‘qitish va tegishli mashqlar o‘tkazishdir.

Boshqa mamlakatlar “Katta yettilik” qabul qilgan deklaratsiyaga istalgan vaqtda qo‘shilishi mumkin.

O‘z navbatida, Kiyev ittifoqchilar xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shish majburiyatini oladi va mamlakatga ko‘rsatilayotgan yordam bo‘yicha hisobot shaffofligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, Ukraina tomoni huquq-tartibot idoralari, sud va korporativ boshqaruv tizimini isloh qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurash majburiyatini oldi.

Deklaratsiyada Kiyevning qurolli kuchlar ustidan demokratik fuqaroviy nazoratni kuchaytirish orqali mudofaa sanoatini modernizatsiyalash majburiyati haqida ham gap borgan.

Xabarda “Katta yettilik” tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolati berilishi rasmiy Kreml tomonidan sovuq qarshi olingani aytilmoqda. Xususan, Rossiya Prezidenti vakili Dmitriy Peskov  Moskva ushbu hujjatga salbiy munosabatda ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu qaror o‘rta, uzoq va hatto, qisqa muddatli istiqbolda o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kreml NATO va Ukraina muzokarasini diqqat bilan kuzatayotganini ta’kidlagan. Moskva eslatishicha, Kiyev rejimining, aynan, NATOga qo‘shilish niyati harbiy amaliyot boshlanishi sabablardan biridir.

11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATOning ikki kunlik sammitida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ishtirok etgan.

S.Rahimov, O‘zA