Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasida “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” gi qonun mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘ldi.
Byuro tarkibiy tarmoqlar rahbarlari, inspektorlar, shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari hamda davlat ijrochilari ishtirokidagi mazkur tadbirda MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov bugungi kunda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash asnosida ijro jarayonlarini bajarishda fuqarolarga keng qulayliklar yaratilayotgani e’tirof etildi. Muloqotda yangi qabul qilingan qonun bilan kiritilgan asosiy o‘zgarish va qo‘shimchalar haqida batafsil tushuncha berib o‘tildi.
Shuningdek, yangi qonun bilan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga faqat O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilandi.
Davra suhbati davomida yig‘ilganlar kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar yuzasidan savollarga batafsil javob oldilar.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.