Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Xalqaro sinov agentligi (ITA) bilan og‘ir atletika tozaligini saqlash, antidoping holatiga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kengaytiradi. Bu haqda IWF xabar tarqatdi. Aytilishicha, mutasaddilar hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Lozannada bo‘lib o‘tadigan tadbirda shartnoma imzolaydi.

Har ikki tashkilot ayni yo‘nalishdagi harakatni 2019 yil boshlagan. Sheriklik sportchilarni sinovdan o‘tkazish, namunalarni saqlash, ilmiy tadqiqot, o‘qitish, natijani boshqarish, izlanish olib borish va joylashuv ma’lumotini taqdim etish jarayonini qamrab oladi.

“Antidoping strategiyasida ITA bilan samarali hamkorlik rivojlanayotganidan mamnunmiz. Biz so‘nggi yillarda sportdagi firibgarlikka qarshi kurashni keskin kuchaytirdik va ITA ayni jarayonda muhim rol o‘ynamoqda”, dedi IWF Bosh kotibi Urso.

Shartnomadagi sportchilardan olinadigan sinov dasturidan tashqari, ta’lim va izlanish yo‘nalishlari va boshqa xizmatlar kelishuvning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

“Antidoping siyosati barcha jihatlarni qamrab oladi va biz taqiqlangan moddalarsiz yutuqqa erishish, musobaqalarni adolatli, toza o‘tkazishga yuz foiz sodiqmiz”, deyiladi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi xabarida.

T.Ro‘ziyev, O‘zA