NATOga a’zo mamlakatlar Vilnyus sammitida mudofaa xarajatini kamida YAIMning 2 foizi miqdorida belgilashga kelishib oladi. Bu haqda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
“Ittifoqchilar mudofaa xarajatini oshirishga kelishib, mudofaa investitsiyasi bo‘yicha yangi majburiyat oladi. Mudofaa xarajati YAIMning kamida 2 foizini tashkil qilishi bo‘yicha shartlashib olamiz. Bu bilan barcha a’zo mamlakatlar uchun jamoaviy mudofaaga ko‘proq mablag‘ ajratish muhimligini ta’kidlamoqchimiz”, – dedi u.
Sallivan Alyansga a’zo mamlakatlarning ko‘pchiligi mudofaa xarajatini zarur miqdorda oshirishga rozi bo‘lgani, hozir dolzarb bo‘layotgan qurol turlarini ishlab chiqarish orqali kelgusida mudofaa salohiyatini oshirib borishini ta’kidlagan.
NATO mamlakatlari 2014 yil sentyabrda Uels sammitida mudofaa sarfini mamlakat YAIM 2 foiziga yetkazishga kelishib olgan edi. Joriy yil mart oyida Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg taqdim etgan NATOning yillik hisobotida 30 davlatdan atigi 7 tasi 2 foizlik ko‘rsatkichga erishgani ko‘rsatib o‘tilgan.